08:22 / 04.08.2017
10449

Matbuot va axborot agentligi faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha Prezident qarori tayyorlanmoqda

Illyustrativ foto

2017 yilning 3 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda madaniyat, san'at, adabiyot va OAVdagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari hamda kelgusidagi vazifalar ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda barcha viloyat, shahar va tuman hokimlari, ularning o‘rinbosarlari hamda qator idora, tashkilotlarning rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda davlat rahbari ijodiy uyushmalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijodiy uyushmalar o‘rtasida hamkorlik aloqalari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Badiiy akademiya, Bastakorlar, Yozuvchilar, Jurnalistlar, Kino arboblari uyushmalari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro ijodiy munosabatlari deyarli to‘xtab qolgan. Ushbu tuzilmalar faoliyatida birgalikda hal etilishi lozim bo‘lgan ko‘plab ijodiy va ijtimoiy muammolar to‘planib qolgan.

“Bu haqda gapirganda, avvalambor, adabiyot va san'at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari faoliyati bo‘yicha mavjud huquqiy-normativ bazani takomillashtirish, sohaning moddiy-texnik salohiyatini mustahkamlash, ijod ahlining mashaqqatli mehnatini moddiy va ma'naviy jihatdan munosib rag‘batlantirish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish va isloh qilish kabi bir-biridan muhim va dolzarb masalalar ijodiy uyushmalar e'tiboridan chetda qolib kelayotganini ta'kidlash lozim. Bugungi kunda ziyolilar davrasida yengil-yelpi kitoblar, sayoz, oldi-qochdi gazeta-jurnallar, tele-radio stansiyalar ko‘payib borayotgani to‘g‘risida haqli e'tirozlarni eshitish mumkin”, - degan davlat rahbari. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi paytda O‘zbekistonda turli mulk shakliga ega bo‘lgan 1513 ta ommaviy axborot vositasi, shuningdek, 122 ta nashriyot faoliyat olib bormoqda. 

“Ammo ularning barchasi ham bizning milliy g‘oyamizni rivojlantirish, xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirishga xizmat qilyaptimi, degan savol ko‘ndalang turibdi. Xususiy nashriyotlarning ko‘pchiligi bir vaqtlar viloyatlarda ham nashriyotlar bo‘lsin, degan noto‘g‘ri yondashuv bilan tashkil etilgani, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati nihoyatda nochor ekani kitob degan mo‘'tabar tushunchaning qadrini tushirishga olib kelayotgani hech kimga sir emas. Lekin bu muammoni qonuniy asosda qanday hal qilish mumkinligi haqida amaliy takliflar deyarli uchramaydi. Boshqalarga qanday, bilmadim-u, ammo mening nazarimda, bunday salbiy holatning bosh sababi mamlakatimiz axborot bozorining tartibga solinmagani bilan bog‘liq. Bu borada son emas, sifat va samara muhim. Mayli, nashriyotlar soni 122 ta bo‘lmasin, ozroq bo‘lsin, lekin talabga javob beradigan bo‘lsin”, - dedi Prezident.

Shuningdek, qayd etilishicha, matbuot va axborot sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda vakolatli va mas'ul organ vazifasini bajarishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bu borada faqat kuzatuvchi bo‘lib o‘tiribdi. Shuning uchun yaqinda Matbuot va axborot agentligiga yangi rahbar tayinlangani aytildi. Shu bilan birga, ushbu tashkilot faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha Prezident qarori tayyorlanayotgani ma'lum qilindi. 

Top