21:21 / 05.08.2017
15204

Namangandagi korxona 600 ga yaqin ish o‘rni yaratishga mo‘ljallangan loyihani ishga tushirdi

O‘zbekiston tikuvchilik va to‘qimachilik sanoatida mahalliy xom ashyoni qayta ishlash borasida katta tajribaga ega. Shu sabab mazkur sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar, shart-sharoitlar va qulayliklar soha rivojiga yanada ulkan hissa qo‘shmoqda. Buni Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi “Iftixor sanam kiyim sanoat” MChJ misolida ham ko‘rish mumkin.

Namangan shahar 1-kichik tumani Sportchilar ko‘chasida joylashgan “Iftixor kiyim sanoat” mas'uliyati cheklangan jamiyati bugun mahalliy va xorijiy bozorda o‘z nufuzi va o‘rniga ega.  

Ayni kunda korxona yangi loyihalar ustida ish olib bormoqda. Xususan, jinsi matolari va tayyor mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha amaliy harakatlar boshlangan. Loyihaning 2018 yil 4-choragida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Uning umumiy qiymati 10,0 mln.dollarni tashkil etib, shundan 5,1 mln.dollar korxonaning mablag‘i, 19,6 mln.dollar bank kreditidan iborat.

- Korxonaning tashkil etilishi rejalashtirilgan yangi loyihasi bo‘yicha ko‘plab ishchi o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan, - deydi “Iftixor kiyim sanoat” MChJning Yevropa mintaqasi bo‘yicha mutaxassisi Muzaffar Jo‘rayev. – 10 gektarli maydonda qad rostlaydigan binolarda kostyum-shim ishlab chiqarish va paxtadan ip yigirish ishlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bulardan maqsad, avvalo, ish o‘rinlarini ko‘paytirish va eksport salohiyatini oshirishdir.

Aniq ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida 580 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi. Shundan kamida 45 foiz ish o‘riniga kollejni tamomlagan yoshlar jalb qilinishi rejalashtirilgan. 

“Iftixor kiyim sanoat” mas'uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishar ekanmiz, avvalo, O‘zbekistonda biznesni rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlarning amaldagi isbotiga guvoh bo‘ldik. Qolaversa, mazkur korxona kelajakda yanada rivoj topib, aholi bandligini ta'minlashi va mamlakat iqtisodiyotiga o‘z hissasini qo‘shishiga ishonchimiz ortdi.

Top