10:24 / 06.08.2017
12044

«Barselona» «Real» tufayli Dembele bilan muzokaralarni tezlashtirdi

Parijga ketib qolgan Neymar o‘rnini to‘ldirish ustida ishlayotgan «Barselona» vakillari Dortmundning «Borussiya» jamoasi bilan fransiyalik yosh hujumchi Usmon Dembele transferi bo‘yicha aloqaga chiqqan.

Futbolchi bilan shaxsiy shartnoma borasida kelishuvga erishgani aytilgan katalonlar klubi «Borussiya» bilan transfer narxi bo‘yicha bir to‘xtamga kelishi kerak bo‘ladi.

L`equipe xabariga ko‘ra, «Borussiya» bu futbolchisini 100 mln yevrodan kamiga sotmoqchi emas, bu vaqtda «Barselona» 80 mln yevro taklif etmoqda. 

Qayd etish kerakki, «Barselona» ushbu futbolchiga «Real» ham qiziqa boshlagani tufayli jarayonni tezlashtirdi. Kilian Mbappeni transfer qilishda qiyinchilikka uchragach, Madrid klubi ham Dembelega e'tibor qaratmoqda. Mbappening narxi ayni vaqtda 200 million yevroga ko‘tarilib ketdi, Dembele esa ikki barobar arzonga tushadi.

Dembeleni qo‘lga kiritishda «Real» o‘z sobiq futbolchisi va sport direktori Predrag Miyatovichdan foydalanmoqchi, Miyatovich futbolchining yaqinlari bilan aloqalarga ega.

Dembele «Borussiya»ga 2016 yili «Renn»dan kelib qo‘shilgandi. Dortmundliklar safida u o‘tgan mavsumda barcha turnirlar doirasida 49 uchrashuvda maydonga tushib, 10 gol urgan va 21 golli uzatma muallifi bo‘lgan.

5 avgust kuni 20 yoshli bu futbolchi Germaniya Superkubogi uchun «Bavariya»ga qarshi o‘yinda maydonga chiqdi. U o‘yindagi gollardan biriga hammuallif bo‘ldi.

Top