18:14 / 07.08.2017
23115

Avgust oyining ikkinchi yakshanbasi qurilish sohasi xodimlari kuni deb e'lon qilindi

Foto: President.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” veb-sayti xabar berdi.

Farmon matnida qayd etilishicha, respublikada 23,8 mingta pudrat tashkilotlari, 31 ta bosh loyiha instituti va 1000 ga yaqin loyiha tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mamlakatda qurilish sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha 3 ta arxitektura va qurilish instituti faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, 12 ta oliy ta'lim muassasasi hamda 390 ta kasb-hunar kollejida qurilish sohasi uchun mutaxassis kadrlar tayyorlanadi.

2017 yilda respublika bo‘yicha barcha manbalar hisobidan jami 37,5 trln. so‘m hajmda qurilish ishlari bajarilib, o‘tgan yilga nisbatan 120,5 foizga o‘sish kuzatiladi. Natijada joriy yilda jami 15 mingta arzon namunaviy uylar, 191 ta arzon ko‘p qavatli uylar va 2,5 mingta ijtimoiy soha obektlari foydalanishga topshiriladi.

Farmonga ko‘ra, respublikada amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlarini jadallashtirish, bugungi kunda sohada qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etish va sohada faoliyat olib borayotgan mutaxassislarni rag‘batlantirish maqsadida, shuningdek sohada mehnat qilayotgan keng jamoatchilikning takliflarini inobatga olib 2017 yildan boshlab avgust oyining ikkinchi yakshanba kuni “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni” deb e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi, mutasaddi vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari va tashkilotlarga “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni”ni sohaga mos tarzda va tantanali ravishda nishonlashni ta'minlash vazifasi topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddat ichida “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni”ni nishonlash bo‘yicha tegishli qonun loyihasini ishlab chiqishi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritishi bo‘yicha topshiriq berildi.

Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J.Ramatov zimmasiga yuklandi.

Mavzuga oid
Top