17:00 / 07.08.2017
8607

«Liverpul» nega chempion bo‘la olmaydi?

«Liverpul», aniqrog‘i «Liverpul» muxlislari har yili klub chempionlik uchun kurashishini kutishadi. Klub rahbariyati, murabbiylari va futbolchilar ham shu haqida gapirishadi. Lekin, nazarimda, amalda chempionlik kurashida qatnasha oladigan jamoa shakllantirish uchun yetarli harakat qilinmaydi.

Xo‘sh, chempionlik uchun kurashadigan jamoa qanday bo‘lishi kerak o‘zi?!

Eng avvalo, chempionlik uchun kurashadigan jamoa o‘z yetakchilarini saqlab qola bilishi kerak.

O‘sha «Liverpul» chempion bo‘lishiga sal qolgan mavsumdan keyin barcha muxlislar yozda tarkib kuchaytirilib, yangi mavsumda yanada jiddiyroq kurashni kutishgan edi. Amalda esa jamoaning eng yaxshi to‘purari va lideri Luis Suares sotib yuborildi. Klopp kelgan yiliyoq Liga kubogi va Yevropa ligasi finaliga yo‘llanma olib, sal harakat qilinsa, yuqori marralar uchun kurashish mumkinligini isbotlagandek bo‘ldi. Mavsum oralig‘ida top futbolchilar kelishi kutildi. Klub esa Sadio Mane, Veynaldum, Klavan va Loris Kariusni taklif qildi. Muxlislar, keyingi mavsum Chempionlar Ligasiga chiqsak top futbolchilar ham keladi, deb o‘zlarini yupatishdi. Klub amallab 4-o‘rinni egalladi. Transfer oynasida faollik kutildi. Natija esa — nol. Mish-mishdan nariga o‘tilmayapti. Aksincha, klubning yana bir yetakchisi Koutino jamoani tark etishi haqiqatga yaqinroq bo‘lib turibdi.

Chempionlik uchun kurashadigan jamoa o‘tgan mavsumdagi zaif chiziqlarni kuchli futbolchilar bilan to‘ldiradi.

«Liverpul»ning o‘tgan mavsumdagi eng zaif chiziqlari — darvoza va himoya. Lekin mavsum oralig‘ida na darvozabon va na himoyachi taklif qilindi. To‘g‘ri, Chempionshipdan hech kim tanimaydigan chap qanot himoyachisi Robertson taklif qilindi. Lekin muxlislar kutgan futbolchi emas u.

«Liverpul» kimlarni sotib oldi?! Hujumkor yarim himoyachi Muhammad Saloh va hujumchi Dominik Solanke. Klubdagi eng kuchli chiziqlarning yanada kuchaytirilishidan nima ma'no bor, to‘g‘risi, men tushunmadim.

Kecha Yurgen Klopp, biz hech qanday transfer amalga oshirmagan holda yana bir yarim himoyachiga ega bo‘ldik, debdi. Robertson va Morenoning ishonchli o‘yini Milnerni yana yarim himoyaga qo‘yishga imkon tug‘dirgan emish. Qolaversa, Kloppga ko‘ra, «Liverpul» tarkibida to‘rt nafar yaxshi markaziy himoyachi bor ekan va boshqa himoyachiga ehtiyoj yo‘q. Muxlislar bu gaplarni, boshqa transfer kutmanglar, deb tushunishdi.

Endi bir raqobatchilarga nazar solaylik. «Manchester Siti» darvozabon va himoyachilar oldi. «Manchester Yunayted» o‘tgan mavsumda pand bergan barcha chiziqlarni kuchli futbolchilar hisobiga to‘ldirdi. «Chelsi» Bakayoko va Ryudiger bilan kuchaydi. «Tottenhem» yetakchilarini saqlab qolishga erishdi. Yozda parokanda bo‘lishi kutilgan «Arsenal» O‘zil va Sanchesni saqlab qolish barobarida Kolashinats va Lyakazet bilan yanada kuchaydi. O‘tgan mavsumda «Liverpul» tarkib jihatdan barcha raqobatchilaridan kuchsizroq edi. Mavsumlar oralig‘ida, raqobatchilar tarkiblari kuchayishi oqibatida, «Liverpul» va chempionlikka da'vogar boshqa klublar orasidagi farq yanada ortdi.

Xulosa qilib aytganda, «Liverpul» chempionlik uchun kurashishi uchun hozircha hech qanday asos ko‘rmayapman. Aksincha, o‘tgan mavsum amallab egallangan to‘rtinchi pog‘ona ham boy berilishi uchun sabablar ko‘proqdek tuyulyapti. Fikrimcha, chempionlik uchun kurash «Chelsi», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted» va «Tottenhem» o‘rtasida bo‘ladi. «Arsenal» va «Liverpul» esa «Everton» va «Vest Hem» bilan 5–8 o‘rinlar uchun kurashadi. So‘nggi ikki klub mavsum oralig‘ida bir qator yaxshi futbolchilar hisobiga boyigani inobatga olinsa, hatto shu kurash ham oson kechmaydi.

Balki, 31 avgustgacha «Liverpul» bir qator yaxshi transferlarni amalga oshirib kuchayar… Balki, Klopp xali ham, o‘z uslubiga mos ijrochilar bilan kattaroq klublarni dog‘da qoldirish mumkinligiga ishonar? Axir u emasmi, Dortmund rulida bir necha barobar ustunroq bo‘lgan «Bavariya»ni ortda qoldirgan? Ha, o‘sha. Ammo bilasizmi, shu yaqin o‘rtada «Volfsburg»ning ham chempion bo‘lganini eslasak, o‘sha muvaffaqiyatlarning zamirida «Bavariya»ning muammolari ham yotganini sezsa bo‘lar...

Angliyaning Germaniyadan farqi shundaki, bu yerda bir emas, bir nechta klub birdaniga omadsizlik girdobida qolishi kerak bo‘ladi. Bu juda qiyin ish... Balkim 25 yilda bir bo‘lar... Ammo, Kloppning ishini qiyinlashtiradigan yana bir jihat — «Lester» o‘sha imkoniyatdan yaqindagina foydalanib bo‘ldi...

Shermuhammad Abdugapirov blogi

Mavzuga oid
Top