17:45 / 07.08.2017
46647

Samarqand viloyatida 15–16 yoshli qizlar o‘rtasida 8ta tug‘ruq qayd etilgan

Foto: Reuters

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining Yaqinda bo‘lib o‘tgan sessiyasida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i A.Jo‘rayevning tibbiyot muassasalari, jumladan, tez tibbiy yordam xizmati faoliyatining samaradorligi yuzasidan axboroti tinglandi. Bu haqida viloyatning «Zarafshon» gazetasida e'lon qilingan axborotda sog‘liqni saqlash tizimiga oid ayrim fakt va raqamlar tilga olib o‘tilgan.

Bugungi kunda Samarqand viloyatida 350 dan ortiq tibbiyot muassasasi 3 million 200 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Viloyat sog‘liqni saqlash muassasalarida 45 ming nafarga yaqin, jumladan, 7672 nafar oliy ma'lumotli vrach, 28 ming nafarga yaqin o‘rta maxsus ma'lumotli hamshira faoliyat ko‘rsatmoqda.

Viloyat aholisiga jami 197 ta tez tibbiy yordam avtomobillariga ega bo‘lgan tez tibbiy xizmat tizimi imkoniyat doirasida xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Mazkur sohada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, ko‘plab kamchiliklar, dolzarb masalalar mavjudligi ham sessiyada tilga olib o‘tildi.

Jumladan, tez tibbiy yordam xizmatlarini qo‘shimcha ravishda 111 ta avtomashina bilan ta'minlash ishlari oxiriga yetkazilmagan. Mavjudlari zamonaviy aloqa vositalari (ratsiya) bilan ta'minlanmagan.

Past Darg‘om, Tayloq, Payariq, Urgut, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida tez tibbiy yordam brigadalari zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta'minlanmagan, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Urgut tumanlarida tez tibbiy yordam bo‘lim va shoxobchalari joylashgan 119 ta binodan 64 tasi ta'mirtalab, 10 tasi yangi binoga muhtoj.

Tibbiyot muassasalarida ftiziatr, psixiatr, onkolog, infeksionist, gematolog, rentgenolog va umumiy amaliyot shifokorlariga ehtiyoj katta. Mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha belgilangan rejalar ijrosi ta'minlanmayapti. 2017 yilning o‘tgan davri mobaynida malaka oshirishi lozim bo‘lgan jami vrachlarning 12,1 foizi, hamshiralarning esa 10,5 foizi malaka oshirgan, xolos.

Viloyatda onalar va go‘daklar o‘limi 2017 yilning birinchi yarmida 2016 yilga nisbatan kamaygan bo‘lsa-da, 6 oyda 6 nafar ona va 283 nafar go‘dak o‘limi qayd etilgani bunday holatlarning oldini olish borasidagi ishlar talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rsatadi.

Patronaj xizmati imkoniyatlaridan zarur darajada foydalanilmagani, tegishli nazorat va targ‘ibot ishlarining susaytirilgani oqibatida viloyatda joriy yilning 6 oyida 15-16 yoshdagilar o‘rtasida 8 ta tug‘ruq qayd etilgan va bu salbiy ko‘rsatkich 3 taga ko‘paygan.

Viloyat sog‘liqni saqlash tizimida qonunbuzarlik holatlariga to‘liq barham berilmayapti. Prokuratura organlari tomonidan keyingi 2,5 yilda 552 nafar tibbiyot xodimi intizomiy, 665 nafari ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi qaroriga muvofiq, «Asakabank» viloyat filialiga yangi tashkil etiladigan va faoliyati kengaytiriladigan xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish uchun belgilangan kredit mablag‘larini qisqa muddatda ajratish choralarini ko‘radi.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filialida immunogistokimyo laboratoriyasini tashkil etish va zarur tibbiyot buyumlari, sarflash materiallari hamda reaktivlarni xarid qilish uchun 200 million so‘m mablag‘ ajratiladi.

Viloyat onkologiya dispanseri hududida umumiy maydoni 1.400 m.kv ga teng bo‘lgan 3 qavatli poliklinika-diagnostika binosi qurilishini mahalliy byudjyet hisobidan moliyalashtiriladi;

Samarqand shahrida onkologik kasalliklarning o‘tib ketgan bosqichlariga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun kerak bo‘lgan mintaqalararo xospis (50 o‘rinli) binosini qurish choralarini ko‘riladi.

Mavzuga oid
Top