18:41 / 07.08.2017
8478

Samarqandda yarim tonna etil spirti ortilgan “Lasetti” to‘xtatib qolindi

Yaqinda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari ichki ishlar idoralari vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi etil spirtining noqonuniy aylanmasini fosh qilishdi, deb xabar bermoqda viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.

Viloyat hududida harakatlanayotgan «Lacetti» rusumli avtomashinasi boshqarayotgan fuqaro H.Eshimov dastlab huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillarining to‘xtash ishorasiga buysunmasdan, gazni bosadi. Ammo, qochishga urinishlar naf bermadi.

To‘xtatilgan avtomashina huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashina saloni va yukxonasiga 23 dona yelim idishlar ortilgani aniqlandi.

Yelim idishlarda esa umumiy hajmi 500 litr bo‘lgan spirt borligi ma'lum bo‘lib, haydovchi keyinchalik qayta sotish uchun ko‘zlangan ushbu mahsulotga tegishli bironta ham hujjatni bojxonachilarga taqdim qila olmadi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda. Tezkor tadbir davomida olib qo‘yilgan 500 litr spirt va “Lasetti” avtomashinasi vaqtincha saqlovga topshirildi.

Top