13:33 / 07.08.2017
11635

Toshkentda katta miqdordagi mablag‘larni zo‘ravonlik bilan qo‘lga kiritgan bosqinchilar guruhi ushlandi

Ota-ona uchun farzandining kamolini ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. 1983 yilda Toshkent shahrida tug‘ilib-o‘sgan Shahriyor Sulaymonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan)ning ota-onasi ham u tug‘ilganida “o‘g‘il ko‘rdik”, deya bir quvonishgan bo‘lsa, voyaga yetganida yana bir xursand bo‘lishgani, oliy ma'lumot olganida esa boshlari osmonga yetgudek bo‘lib, o‘g‘illarini duo qilishgani bor gap. Ammo payti kelib ana shu o‘g‘il jinoyatga qo‘l urishini, bu ham yetmaganidek, ikki nafar ukasi – Bunyod va Sardorni ham shu yo‘lga boshlashi yetti uxlab tushlariga ham kirmagan bo‘lsa kerak, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Afsuski, hayotda har doim ham o‘ylaganingdek bo‘lavermas ekan. Shahriyor ukalariga o‘rnak bo‘lish o‘rniga ularni egri yo‘lga boshladi. Unga bu yo‘lda nafaqat ukalari, balki yaqin qarindoshi Botir Sulaymonov, tanishlari A'zam Haydarov va Murod O‘lmasov ham hamkorlik qilishdi.

2016 yilning 26 iyun kuni. Kechki paytda Shahriyor boshchiligidagi guruh Chilonzor mavzesida uchrashib, “o‘lja” kutishadi. Ularning maqsadi avtomashinasida ko‘p miqdorda puli bo‘lgan fuqarolarga hujum qilib, pullarini olib qo‘yish edi. Ko‘p o‘tmay “Lasetti” rusumli avtomashinada anchagina mablag‘ borligidan xabar topib, ishga kirishadilar. Qo‘lbola usulda yasalgan davlat raqami taqilgan “Neksiya” rusumli avtomashinaga o‘tirib, “Lasetti” avtomashinasini to‘xtatishadi. Haydovchi bilan yo‘lovchiga zo‘rlik ishlatib, ularga tan jarohati yetkazishadi va avtomashina salonida bo‘lgan 18 million so‘mni bosqinchilik bilan egallashadi. Bundan tashqari, “Lasetti”ning orqa oynasini sindirib, voqea joyidan juftakni rostlashadi.

1 sentabr kuni kechki payt “Charx Kamolon” mahallasida paydo bo‘lgan guruh a'zolari katta ko‘chadan kelayotgan avtomashinani to‘xtatishadi. Haydovchiga qo‘lbola usulda yasalgan to‘pponcha o‘qtalib, mashinadagi 5 million so‘m pulni tortib olishadi.

Ular oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas “Qo‘yliq” massiviga kelib, ko‘chada ketayotgan fuqaroga hujum qilishadi. Uni bo‘g‘ib, ichida 6 million so‘m pul va 200 AQSh dollari bo‘lgan paketni hamda fuqarolik pasportini egallab olishadi. Ko‘p o‘tmay pasportni tashlab yuborishadi.

Talonchilar 12 sentabrda esa Zangiota tumanida yana bir avtomashinani to‘xtatishadi va haydovchini yasama to‘pponcha bilan qo‘rqitib, 2 million 300 ming so‘m pulini, mashina yukxonasidagi 2 ta kanistr benzinni hamda boshqa buyumlarini tortib olishadi.

Ko‘p o‘tmay zo‘ravonlar qo‘lga olindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi tomonidan sudlanuvchilarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Top