12:05 / 07.08.2017
53935

O‘zbekistondagi ishsizlar soni ma'lum qilindi

O‘zbekistonning o‘rtacha iqtisodiy faol aholisi soni 2017 yil yanvar-iyun oylarida 14,162 mln kishiga yetib, jami aholining 43,9 foizini tashkil etdi. Umuman, dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 2017 yil yanvar-iyun oylaridagi iqtisodiyotda band aholi 13,421 mln kishini tashkil etgan va 2016 yil shu davriga nisbatan 1,7 foizga o‘sgan, deb yozmoqda Uzdaily.uz. 

O‘zbekiston Statistika qo‘mitasining xabar qilishicha, iqtisodiy faol aholining bandlik darajasi (iqtisodiyotda band aholining iqtisodiy faol aholi soniga nisbati) 2017 yil yanvar–iyun oylarida 94,8 foizni tashkil etgan. 

Umuman, nodavlat sektorda band bo‘lganlar ulushi 82,1 foizga yetgan. Bu raqam 2016 yilning shu davrida 81,8 foizni tashkil etgan.
 
O‘tgan yil raqamlari bilan taqqoslaganda aholining band qismi orasida yuk tashish va saqlash (3,3 foizga o‘sgan), qurilish (2,8), aloqa va axborot (2,6), yashash va ovqatlanishga doir xizmatlar sohasida ishlayotganlar (2,1) oshgan.

Aholining ish bilan band qismi asosan, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklari (27,0 foiz), sanoat (13,6), savdo (10,6), qurilish (9,2) va ta'lim (8,3%) sohalarida ishlaydi. 

Shuningdek, 2017 yil yanvar-iyun oylarida kichik biznesdagi ulush iqtisodiyotdagi jami band aholining 77,7 foizini tashkil etgan. 

Ishsizlik

Munosib ish qidirayotgan va bandlikka ko‘maklashish idoralarida ro‘yxatda turgan fuqarolar soni iyun oyi oxiriga ko‘ra, 8,3 ming kishini tashkil etgan. Bu 2016 yil iyun oyidagi raqamga qaraganda 42,7 foizni tashkil etgan. 

2017 yil yanvar–iyun oyida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 24 maydagi 106-sonli qarori bilan tasdiqlangan usulga muvofiq aniqlanadigan ishsizlar soni 741,4 ming kishini tashkil etadi. Unga ko‘ra, iqtisodiy faol aholining 5,2 foizini ishsizlar tashkil etadi. 

Top