08:49 / 08.08.2017
7447

Amerikalik burger xarid qilgani "Makdonalds"ga motoparaplanda tashrif buyurdi

Paramotorlar (orqada o‘rnatilgan dvigatelda harakatlanuvchi paraplanlar) haqida roliklar suratga oluvchi amerikalik bloger Taker Gott "Makdonalds" restoraniga o‘zining uchish qurilmasida tashrif buyurdi. U motoparaplanida 10 milcha (16 km) masofani uchib o‘tib, so‘ngra tamaddixona oldiga qo‘nib, buyurtma bergan.

Gott paramotordan bir necha yildan beri foydalanib keladi. Uning aytishicha, odamlar kundalik yumushlar: do‘konga, ishga yoki maktabga borish uchun ushbu qurilmadan foydalanish qanchalik o‘ng‘ayligi borasida qiziqadilar. Amerikalikning ta'kidlashicha, bu amaliy jihatdan uncha ham qulay emas, biroq qo‘nish uchun yaxshi maydoncha bo‘lganda goh-gohida bunday parvozlar amalga oshirib tursa bo‘ladi.

Blogerning baxtiga mahalliy aholi va "Makdonalds"ga kelganlar Gottni ko‘rganlaridan keyin politsiya chaqirtirib o‘tirishmagan. U burger xarid qilib, qanday uchib kelgan bo‘lsa, shunday uchib ketgan. Blogerning aytishicha, u burgerni havodayoq "paqqos tushirgan".

Gott uchar qurilmasidan nafaqat bunday yumushlarni amalga bajarishda foydalanadi. U misol uchun, paramotordan chang‘ida uchishda ham foydalangan. Blogerning ta'kidlashicha, uning ustidan ba'zida AQSh fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasiga shikoyat qilib turishadi.

2017 yil may oyida Avstraliyada vertolyot uchuvchisi "Makdonalds" oldida qo‘ngan. Guvohlar kimgadir yordam kerak bo‘lib qolgan bo‘lsa kerak deb o‘ylashgan, biroq uchuvchi tamaddixonaga kirib, yegulik xarid qilib, hech narsa bo‘lmagandek yana uchib ketgan. Shundan keyin mamlakat fuqarolik aviatsiyasi parvozlari xavfsizligi boshqarmasi ushbu hodisani tergov qila boshlagan, chunki Avstraliyada biror hududga uning egasining ruxsatisiz qo‘nish taqiqlangan.

Mavzuga oid
Top