19:45 / 08.08.2017
6427

Matbuot va axborot agentligi tomonidan 7 oy davomida OAVga 100 dan ortiq ta'sir choralari qo‘llanilgan

2017 yil 8 avgust kuni soat 15.00 da Milliy matbuot markazida “Bosma va elektron ommaviy axborot vositalarining bugungi faoliyati va istiqboldagi vazifalari” mavzuidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 3 avgustdagi ijodkor ziyolilar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida adabiyot va san'at, madaniyat bilan bir qatorda ommaviy axborot vositalarini yangi bosqichga olib chiqish masalasiga alohida urg‘u berildi.

Ayni paytda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan ro‘yxatga olinib, davlat reyestriga kiritilgan ommaviy axborot vositalarining umumiy soni 1564 tani tashkil etadi. Ulardan 694 tasi gazeta, 330 tasi jurnal, 14 tasi axborotnoma-byulleten, 4 tasi axborot agentligi, 68 tasi televideniye, 37 tasi radio, 418 tasi veb-saytlardir. O‘tgan davrda 10 ta bosma OAVlarning chiqarilishi muassislarining qarorlariga ko‘ra tugatilib, davlat reyestridan chiqarildi.

Ta'kidlanishicha, so‘nggi vaqtlarda turli nufuzli davralarda jurnalistikaning hozirgi kundagi ahvoli, ommaviy axborot vositalarining mustaqillikni mustahkamlash, mamlakat taraqqiyotining hozirgi islohotlar davridagi, xalqimizning munosib turmush tarzini hosil qilish, ma'naviy hayotni avj oldirish singari dolzarb masalalarni amalga oshirishdagi ishtirokiga yangi urg‘u berish maqsadida turli xil anjumanlar o‘tkazildi. Muhim fikr-mulohazalar bildirildi, tavsiyalar ishlab chiqildi.

Qayd etilishicha, davriy nashrlarning soni, sifati, berilayotgan aksariyat materiallarning saviyasi, mazmun-mohiyatida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni inkor etmagan holda ularni hozirgi kun talabiga to‘la javob beradi, aholining davr bilan birga o‘sib borayotgan talabi, didi, ma'naviy ehtiyojini to‘la qondiradi, deb bo‘lmaydi. Hayotiy haqiqatni yoritish, taraqqiyot, islohotlarni amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan illatlarni oshkor etish, turmushdagi, yoshlar tarbiyasidagi nuqsonlarga e'tibor qaratish, tanqidiy-tahliliy materiallarni chiqarish, sohani takomillashtirish, jurnalistlarning qalamini charhlash bilan bog‘liq bir qator muammolar e'tiborga olinishi lozim.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2017 yilning o‘tgan yetti oyi davomida  Agentlik tomonidan ommaviy axborot vositalariga 100 dan ortiq ta'sir choralari qo‘llanildi. Biroq, ayrim turdagi qonunbuzilish holatlari borki, ta'kidlanganidek, ularga jamoatchilik e'tibori o‘z vaqtida qaratilmasa, “kasallik” boshqa nashrlarga ham yuqishi, “tadbirkorman-ku, jurnalist emasman, faoliyatimda kamchiliklarga yo‘l qo‘ysam ham bo‘laveradi” qabilida ish tutish holatlariga faqat qog‘oz orqali chora qo‘llash, ertangi kun yoshlarining, qolaversa, jamiyatning og‘rig‘iga aylanishi mumkin.

Teleradio dasturlari, matbuot sahifalarida asosan G‘arb san'atkorlarining qo‘shtirnoq ichidagi ishqiy hayotini muntazam yoritayotgan, ularda oilaviy qo‘nimsizlik, juftlarning bir-biriga xiyonati, nikohsiz turmush singari illatlarni oddiy hol sifatida tasvirlayotgan axborot vositalari afsuski yo‘q emas. Odamlarni shu kabi “sahnalar” bilan o‘ziga jalb qilishga o‘rganib qolgan tadbirkorlarga Agentlik tomonidan bir necha marotaba ogohlantirish kiritilsa-da, ular o‘z faoliyatiga tanqidiy yondashib, xulosa chiqarish, tahririyatlar ishiga ma'naviy yetuk, ziyoli, har jihatdan ibratli, hayotiy va kasbiy tajribaga ega ijodkorlardan iborat mutaxassilarni jalb qilish va shu orqali ma'naviyatni targ‘ib qilishni yo‘lga qo‘yish o‘rniga salbiy holatlarni targ‘ib etishda davom etib kelmoqda.

Bu kabi materiallar jamiyat an'analarini yemirishi, oila atalmish muqaddas qadriyatga putur yetkazishi, barqaror ma'naviy muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatishi aniq.

Agentlik matbuot relizida aytilishicha, bunday holatlarni respublika teleradiokanallari faoliyatida ham kuzatish mumkin. Xususan, Surxondaryo viloyatidagi “Denov-ATR”, Buxoro viloyatidagi “G‘ijduvon-TV”, Jizzax viloyatidagi “Jizzax TV2” telekanallari, Andijon viloyatidagi “Diydor FM” radiokanali, “Taraqqiyot” telekanali faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni, “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 6-moddasi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonuni 5-moddasi doimiy qo‘pol ravishda buzib kelayotgani bildirilgan.

“Nomlari keltirilgan tele va radiokanallar faoliyatida “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunning so‘nggi yillar davomida qayta-qayta qo‘pol ravishda buzib kelinishi, Agentlik tomonidan yuborilayotgan ogohlantirishlar, taqdimnomalar kor qilmasligi, yoshlarga, mentalitetga zid bo‘lgan raqsbop tarona-yu, ko‘ngilochar filmlarni qo‘yib eshittirish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish niqobi ostida madaniyatsizlikni targ‘ib qilish, shahvoniy tuyg‘ularga erk berish kabi holatlarga tomoshabin bo‘lib qarab turib bo‘lmaydi”, - deyiladi agentlik matbuot relizida.

Top