12:29 / 08.08.2017
22855

Toshkentda juda katta miqdordagi pullarni legallashtirgan uyushgan jinoiy guruh fosh etildi

Poytaxtning Bektemir tumanidagi “Nerudnik” MChJ shaklidagi qo‘shma korxonaning norasmiy ta'sischisi bo‘lgan Temur Samirov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) savdo qoidalarini juda ko‘p miqdorda buzish, mansab vakolatini suiiste'mol qilish va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi jinoyatlarni sodir etganligi ma'lum bo‘ldi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

T.Samirov 2012 yil 22 fevraldan buyon “Nerudnik” MChJ shaklidagi qo‘shma korxonaning ta'sischisi va norasmiy rahbari vazifasida faoliyat yuritib kelgan. Bundan tashqari, u mazkur davrda qo‘shma korxonaning Toshkent shahar va Toshkent viloyati hududlarida ta'sis etilgan bir nechta xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning faoliyatini ham norasmiy ravishda o‘zi boshqaradi. Ulardagi mas'ul lavozimlarga esa o‘ziga sodiq va yaqin tanishlari bo‘lgan shaxslarni tayinlaydi. Shu tariqa ushbu shaxslar uyushgan jinoiy guruh tashkil qilib, birgalikda korxonalarda noqonuniy yo‘llar bilan mablag‘larni o‘zlashtiradilar va legallashtirib olaveradilar.

Dastlab ular “Inter Cargo Trans Logistics” MChJ va “Baraka Building Servis” MChJlarning faoliyatidan olingan 212,1 mlrd so‘mlik jinoiy daromadlarning bir qismi hisobiga “Nerudnik” OAJning aksiyalarini norasmiy ravishda sotib olishadi. Korxona hujjatlarini o‘zlarining maqsadlariga moslab, maqomini o‘zgartirishadi. T.Samirov o‘ziga tegishli “Legion Bonus Servis” MChJdagi jinoiy yo‘l bilan topilgan 2,3 mlrd so‘mni va Birlashgan Arab Amirliklaridan ro‘yxatdan o‘tgan “STG Business FZE” kompaniyasidan 999 mln. so‘m mablag‘ni rasmiy ravishda ushbu qo‘shma korxonaga kiritish orqali legallashtirib oladi.

Yuqorida ta'kidlanganidek, T.Samirov o‘zi tashkil qilgan guruhning har bir a'zosiga vazifalarni taqsimlab beradi. Jumladan, mas'uliyati cheklangan jamiyatda faoliyat ko‘rsatib kelgan F.Umirov, B.Meliyev, A.Aliyev, D.Artikov, Sh.Shakirovlarga korxonada ishlab chiqarilayotgan tosh-qum aralashmasi, shag‘al va qum mahsulotlarini naqd pulga va pul o‘tkazish yo‘li bilan sotish yuklatiladi. Shu bilan birga, ularga mahsulotlarning bir qismini hisobotlardan yashirish ham uqtiriladi. Naqd pulga sotilgan mahsulotlar sotuvidan tushgan pullar esa korxonaga kirim qilinmay, T.Samirovga beriladi. Shuningdek, ularga soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni noqonuniy tarzda qisqartirish vazifalari ham yuklatiladi.

Korxona bosh hisobchisi K.Koshmetovga ishlab chiqarilgan mahsulotlarni hisobotlarda to‘liq aks ettirmaslik, hisobga olinmagan mahsulotlarning sotuvidan tushgan naqd pullarni korxona g‘aznasiga kirim qilmasdan, T.Samirovga yetkazib berishdek “mas'uliyat” yuklanadi.

Korxonaning sotuv bo‘limi boshlig‘i Ilhom Hikmatullayevga esa hisobotdan yashirilgan tayyor mahsulotlarning sotuvidan tushgan naqd pullarni to‘plab, rahbarga yetkazib berish aytiladi.

Guruh a'zolaridan biri bo‘lgan Dilshod Artikov ham 2012 yil 17 oktabrdan 9 noyabrga qadar “Nerudnik” MChJ QK bosh direktori vazifasida ishlab, norasmiy “boshliq”ning talablarini bajarib kelgan ekan. U mansab vakolatlarini suiiste'mol qilgan holda, hamkasblari bilan birga korxona tomonidan ishlab chiqarilgan jami 160 mln. 758 ming so‘mlik mahsulotlarni korxona hisobotlarida aks ettirmaydi va ularni turli shaxslarga naqd pulga sotib, korxona g‘aznasiga kirim qilmaydi.

D.Artikov o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, hamkasblari bilan birga o‘zaro til biriktiradi. U o‘zi rahbarlik qilgan davrda korxona faoliyatidan olingan noqonuniy daromadlarga qonuniy tus berish maqsadida, ushbu mablag‘lar hisobidan T.Samirovga tegishli bo‘lgan “S-Avto Demomax” MChJ negizidagi “Rohat” savdo majmuasi, “Mavlonbek-Alibek” MChJ balansida bo‘lgan Yakkasaroy tumani A.Qahhor ko‘chasidagi 16 qavatli uy-joy kompleksini va boshqa obektlar qurilishini moliyalashtirib, jinoiy faoliyatdan olingan 160 mln. 758 ming so‘mlik daromadlarni legallashtiradi.

Sudda mansab vakolatidan chetga chiqib, davlat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazgan sudlanuvchilar ayblariga iqror bo‘lib, qilmishlaridan pushaymonliklarini aytishdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi tomonidan ularga tegishli jazo tayinlandi.

Top