«Ikki yildan keyin hamma joyga yosh, vatanni sevgan kadrlar keladi» - Prezident

O'zbekiston 09 Avgust 2017 104203

Bugun, 9 avgust kuni O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig'ilishi o'tkazilmoqda.

Videoselektor davomida prezident o'tgan hafta televideniyeda yoritilgan, Toshkent viloyati, Oqqo'rg'on tumanidagi va Qoraqalpog'iston Respublikasi Taxiatosh shahridagi vaziyatga e`tibor qaratdi.

«Kun» muxbiri xabar berishicha, prezident Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi raisi Muso Yerniyozov hamda Toshkent viloyati hokimi Shukrullo Boboyevni keskin tanqid qilib, ogohlantirdi.

«Ishlamaganlar ketadi. Ikki yil chidanglar, ikki yil o'zlaringni qiynanglar. Ikki yildan keyin bari joy joyiga tushadi.

Ikki yildan keyin yosh yigitlar keladi. Zabardast, fidoyi, muhimi vatanni sevadigan bolalar! Mana, hozir yoshlar kelayapti. 25 yosh bo'lsayam vazir qilaman! Vatanni sevsa, bo'ldi! O'rgataman ularni! Sizlarga esa shuncha selektordan keyin ham o'rganmayapsizlar. (jimlik)

Oqqo'rg'ondagi ahvolni ko'rdim, dardini eshitdim. Uyqu keladimi ko'zga? Soat ikki edi...

Yoki Taxiatoshda gapirgan ayolning ahvolidan ko'zga yosh keladi. Bu O'zbekistonda bo'layotganiga ishonib bo'lmaydi.

Janob Erniyozov esa, «Bu meniki emas ekan, «O'zbekenergo»niki ekan», deb o'zlarini xursand qilayapti. Go'yoki, Taxiatoshdagi muammolar unga taalluqli emas.

Bu faqat ikki holat. Hamma viloyatga taalluqli bu. Hammaning oyog'i yerdan uzilgan, buni juda yaxshi bilaman. Eplolmaysanmi, ket unda, vijdoning bo'lsa.

Axir odamlar kundalik ehtiyoj bo'lgan ichimlik suvi yoki yashash uchun boshpanaga zor bo'lib o'tiribdi», degan prezident.

Eslatib o'tamiz, o'tgan oyda prezident 23 yoshli Alisher Sa`dullayevni Xalq ta`limi vaziriga o'rinbosar, 25 yoshli Olim To'ychiyevni O'zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktoriga o'rinbosar etib tayinlagandi.

 

Ko'proq yangiliklar: