22:22 / 10.08.2017
8138

Buyuk Britaniyaga tarkibida fipronil bo‘lgan 700 ming tuxum import qilindi

Tarkibida fipronil kimyoviy moddasi bo‘lgan kamida 700 ming dona tuxum Buyuk Britaniyaga import qilindi. Tuxumlardan oziq-ovqat sanoatida foydalanilgan va ular turli mahsulotlar hamda tayyor taomlar tarkibida sotuvga chiqqan. Bu haqida 10 avgust kuni Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi milliy boshqarmasi ma'lumotlariga asoslanib, Sky News telekanali xabar berdi. 

Dastlabki baholarga ko‘ra, Buyuk Britaniyaga tarkibida kimyoviy modda bo‘lgan 21 ming dona tuxum olib kirilgan. 

Mojaro o‘tgan hafta Yevropada boshlangan. Tuxumlar parazit-hasharotlar bilan kurashda qonunga xilof ravishda fipronildan foydalangan Niderlandiya fermalaridan keltirilgan. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, insektitsid Belgiya hududida faoliyat yuritgan firmada ishlab chiqarilgan. Fipronil dozasi YeI belgilagan normalardan yuqori bo‘lgan mahsulot asosan Germaniyaga yetkazib berilib, boshqa mamlakatlarga ham olib kirilgan. 

Fipronilli tuxumlar Buyuk Britaniya do‘konlari rastalariga asosan tayyor mahsulotlar tarkibida kelgan. Qonunga xilof holat aniqlangan vaqtga kelib, tuxumlarning aksariyati sotib bo‘lingan. 

Ekspertlarning fikricha, bu mahsulotlardagi kimyoviy modda dozasi kam bo‘lib, ular xaridorlar salomatligiga ziyon yetkazmaydi. Shunday bo‘lsa-da, fipronilli tuxumlar qo‘shilgan qolgan mahsulotlar sotuvdan olingan. 

Fipronil burga, kana va boshqa parazitlar bilan kurashishda qo‘llaniladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, bu modda insonning organizmiga tushib, u yerda to‘planib qolsa, jigar, buyraklar va qalqonsimon bez faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Fipronilni chorvachilikda qo‘llash taqiqlangan. 

Mavzuga oid
Top