Tojikiston 2015 yildan beri O'zbekiston, Qozog'iston va Eron mamlakatlari oldidagi barcha qarzlaridan qutuldi. Bu haqida TR Moliya vazirligining matbuot xizmati vakili bergan xabarga asoslanib, "Yevraziya. Ekspert" nashri xabar berdi. 

Moliya vazirligi ma`lumotlariga ko'ra, bugunga kelib mamlakatning ikki tomonlama asosdagi kreditori sifatida Xitoy ishtirok etmoqda. Tojikistonning Xitoy oldidagi davlat qarzi 2017 yilning iyul oyi holatiga ko'ra, 1 mlrd 217,6 mln dollardan ziyodni tashkil qiladi. Undan keyin esa Saudiya fondi - 44,9 mln dollar atrofida, Kuvayt fondi - 38,7 mln dollar va Fransiya - 24 mln dollar. Shunday qilib, bugunga kelib Tojikistonning ikki tomonlama asosdagi qarzi hajmi 1 mlrd 380,5 mln dollarni tashkil qilmoqda. 

Respublikaning ko'p tomonlama asosli yirik kreditorlari orasida xalqaro moliyaviy institutlar ham mavjud. Masalan, Jahon banki oldidagi qarz 2017 yilning ikkinchi yarmi boshida 299,9 mln dollarni tashkil qilgan. Bundan tashqari, Tojikiston Osiyo-taraqqiyot bankiga 227,5 mln dollar, Islom taraqqiyot bankiga - 111,9 mln dollar, Xalqaro valyuta fondiga esa - 101,1 mln dollar qarz. 

2017 yilning birinchi yarmi yakunlariga ko'ra, respublika tashqi qarzining umumiy hajmi 2 mlrd 303,4 mln dollarni tashkil qilgan. 

"Biz infratuzilmaga ancha jiddiy resurs kiritdik va u qarzlarni qaytarish uchun ishlay boshlaydi. Shu tariqa tashqi qarz bilan bog'liq majburiyatlar kamayib boradi. Tashqi qarzni boshqarish muammosi favqulodda dolzarb ahamiyat kasb etadi, deb o'ylamaymiz, chunki byudjyetni shakllantirishda qarzdorlik evaziga yo'lga qo'yilgan  loyihalar o'zini oqlaydi", - deydi Tojikiston prezidenti qoshidagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Farida Mo'minova.