10:02 / 11.08.2017
21217

Aeroportdagi ucharlar fosh qilindi

Bir mansabdor yo‘ldan adashsa, ikkinchisi uni to‘g‘ri yo‘lga solishi kerak. Lekin maqsadi va maslagi bir bo‘lganlar esa bir-birini “to‘ldirar” ekan. Turob Amirqulov 2010 yildan besh yil davomida “Samarqand xalqaro aeroporti” DUKda moddiy-texnika ta'minoti bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishladi. O‘ziga yarasha obro‘-e'tibor qozondi. Ammo topganiga qanoat qilmay, qing‘ir usullar bilan boyish yo‘llarini izlay boshladi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Bu vaqtda aeroportga ikki dona “Gidroamortizator GA-200” rusumli moslamani sotib olish to‘g‘risida topshiriq bo‘ldi. Topshiriq yuzasidan T.Amirqulov direktorning turizm bo‘yicha o‘rinbosari Manuchexr, muhandis A'lam va bir necha xodimlar bilan maslahatlashdi. Manuchexr bu moslamani topishini bildirdi. U Xitoy davlatiga ishbilarmon sifatida qatnaydigan Umar ismli tanishiga uchrashib, masalani tushuntirdi. Umar bu turdagi ikkita moslamani 7000 AQSh dollariga olib kelib berishga va'da berdi. Shundan keyin A'lam tanishi Shehrozga uchrashdi.

-  Biron tanish firmaga pul ko‘chirsak, naqdlashtirishni iloji bormi? – dedi gapni qisqa qilib.

-  Hal qilamiz, imkoni bor, - deya Shehroz ham masalaga oydinlik kiritib oldi.

U oradan bir-ikki kun o‘tib, “Samarqand Savdo Invest Plyus” MChJning to‘ldirilmagan, lekin bir tomoniga muhr va imzo qo‘yilgan shartnomasini A'lamga berib ketdi.

Xullas, bu shartnomaning kerakli bandlari to‘ldirilib, “Samarqand xalqaro aeroporti” DUK bilan shartnoma tuzildi va uning hisob raqamiga ikki dona “Gidroamortizator GA-200” rusumli moslamani sotib olish uchun deya 198 mln. 656 ming so‘m pul ko‘chirildi.

Kelishuvga ko‘ra, MChJ rahbar ushbu summaning 83 foizini naqdlashtirib berdi. Aeroport ucharlari bu pulning bir qismiga qora bozordan 7000 AQSh dollari sotib olib, Umarga berishdi. Umar ham Xitoydan moslamani olib kelib, va'dasini bajardi. Qolgan pullar esa guruh a'zolarining “moddiy ta'minoti uchun” o‘zaro bo‘lindi.

Bundan tashqari, bu “olg‘irlar” “Samarqand xalqaro aeroporti” DUK bilan “Sagdiana Maroqand Omad” MChJ o‘rtasida tuzilgan asosiy vositalar yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnomadan ham “ulush”larini olishgan ekan. Mazkur shartnomaga asosan 2014 yil 1 yanvaridan 2016 yil 1 iyuniga qadar MChJ hisob raqamiga 629 mln. 412 ming so‘m mablag‘ ko‘chirib beriladi. Guruh a'zolari bu pulning 75 foiziga asosiy vositalar va tovarlar olib, qolgan mablag‘ni, ya'ni 157 mln. 353 ming so‘mni muayyan foizlar evaziga naqdlashtirib olishganligi isbotlandi.

Buxgalteriyaga topshirilgan hujjatlar, hisob-fakturalar, imzolarning barchasi soxta bo‘lib chiqdi.

Tekshirishda ushbu holatlarga oydinlik kiritilib, tergov davomida barcha o‘marilgan pullar to‘liq qaytarildi. Lekin, qonun o‘z so‘zini aytdi. Sud hukmi bilan yuqoridagi shaxslarga tegishli jazo tayinlandi.

Top