Bugun, 11 avgust kuni Angliya premer-ligasida yangi mavsum boshlanadi. Bu mavsumda ham «Chelsi», «Tottenhem», «Manchester Siti», «Liverpul», «Arsenal» va «Manchester Yunayted» klublari asosiy favoritlar hisoblanadi. «Tribuna» yozgi transferlar vaqtida qanday darajada kuchayganini ko'rib chiqadi.

«Chelsi»ga qiyin bo'ladi
Antonio Kontega «Chelsi» boshqaruvida bu mavsumda qiyin bo'lishi mumkin. Birinchidan, odatda titulni himoya qilish ruhiy jihatdan oson bo'lmaydi. Ikkinchidan, Chempionlar ligasidagi ishtirok ham taqvimda muammolar keltirib chiqarishi tayin. Uchinchidan, raqobatlar kuchayishdi.

Londonliklar ham tarkibni kuchaytirgan. «Roma»dan Ryudiger olib kelindi. Manchesterga ketgan Matich o'rnida «Monako»dan transfer qilingan havbek Bakayoko harakat qiladi, «Real»dan esa katta umidlar bilan 70 million yevroga Morata sotib olindi. Jamoadan Matichdan tashqari Kuadrado, Terri, Natan Ake va darvozabon Asmir Begovich ketgan.

Asosiy savol – Konte yana o'zini ko'rsata oladimi? Italiyalik ushbu mutaxassisning keyingi yillardagi faoliyatiga nazar tashlansa, u yetakchilariga dam berish uchun rotatsiyadan foydalanmasligini ko'rishimiz mumkin. U mavsumni bitta tarkib bilan o'tkazadi. U muvaffaqiyatlarini davom ettirishni istasa, bu borada Zidandan o'rnak olishi – muhim o'yinlar uchun yetakchilarini asrashi kerak bo'ladi.

«Tottenhem»ni e`tibordan qochirib bo'lmaydi!
Keyingi 3 yil davomida Maurisio Pochettino mushtarak jamoa tashkil qildi. O'tgan mavsum «shporlar» uchun keyingi o'n yilliklardagi eng a`losi bo'ldi: ikkinchi o'rin va muhimi «Arsenal»dan yuqoridagi o'rin. Jamoaning asosiy raqibi 5-o'rinda qoldi.

Klub prezidenti Daniel Levi g'alati transfer qarorlari bilan ma`lum. U bu mavsumda ham o'zgarmadi. Jamoa asosiy futbolchilaridan biri Kayl Uokerni qo'yib yubordi (u raqib jamoani – «Manchester Siti»ni kuchaytirdi). Shuningdek, o'tgan mavsumda ijaraga berilgan havbek Bentaleb «Shalke»da qoldi. Lekin yangi futbolchilar uchun bir sent ham sarflanmadi. Bu vaqtda esa barcha raqiblar faol transfer siyosati olib borishdi. Bu jamoa Britaniyadagi kuchli oltilikda, lekin eng passivi.

London jamoasida zaxira o'rindig'i keng emas. Lekin jamoaning bu siyosatining o'ziga xos sabablari mavjud, yangi stadion qurilmoqda, iqtisod qilish kerak. Ko'p ehtimol bilan bu mavsumda «Tottenhem»ning vazifasi – chuqur sho'ng'ishdan saqlanish bo'ladi.

«Manchester Siti»: Pepning ikkinchi urinishi
Xosep Gvardiola o'tgan mavsumda faoliyati davomida ilk marta hech qanday sovrinsiz qoldi. Ispaniya futboli Britaniyada oson moslasha olmayapti, uning g'oyalari ijrosi keragidek bo'lmayapti. O'tgan mavsumdan xulosalar yasagan Pep ikkinchi mavsumga o'tmoqda: u vaziyatdan kelib chiqqan holda ish tutishi kerak bo'ladi.

Rahbariyat ham xatolar ustida ishladi. Jamo transferlarga jiddiy qaradi. Bernardu Silva Tureni almashtiradi, chap qanotda Klishi va Kolarov o'rnini bosadigan Benjamin Mendi Angliya uchun mos futbolchi, Sanya va Xesus Navas o'rniga kelgan Uoker uchun APLga moslashish muammo emas, Danilo Otamendi bilan hamkorlikda o'ynaydi, Ederson esa darvozadagi muammolarni bartaraf etishi kerak.

Shubha yo'qki, «Manchester Siti» – asosiy favorit. Bu jamoada eng yaxshi bo'lish uchun barchasi mavjud. Asosiysi murabbiy jamoaga keraksiz deb hisoblagan futbolchilaridan qutuldi. Endi yangi tarkibni bir maqsad yo'lida birlashtirish kerak. Yo'qsa, biz yana bir bor asosiy raqiblarga mag'lub bo'luvchi yulduzlar galasiga duch kelamiz.

Tushunarsiz «Liverpul»
«Liverpul»da qandaydir reja borligiga kimdir ishonishiga ishonish qiyin. Yurgen Klopp jamoasida o'zgarishlar sezilmayapti. Ushbu germaniyalik mutaxassis boshqaruvida ikki mavsumda ham jamoa eng tomoshabop va  shavqli futbol namoyish etdi. Lekin bu o'yinlari orqali jamoa «liga Robin Gudi» nomini oldi, Klopp shogirdlari kuchli jamoalarni osonlik bilan yengib, autsayderlarga ochko ulashdi.

Hozirgi «Liverpul»ning asosiy jihati – tuganmas shijoat va harakatlanish. Lekin hujumdagi futbolchilar qanchalik yosh va g'ayratli bo'lsa, himoyada sifat juda past. Mavsumlar oralig'idagi yagona jiddiy transfer – «Roma»dan Muhammad Saloh bo'ldi. «Sauthempton»dan Virgil van Deyk va «Leyptsig»dan Nabi Keytani olish uchun harakatlar samarasiz ketmoqda.

Hozirda shunday tasavvur mavjudki, «Liverpul»dan tashqari boshqa barcha klublar o'tgan mavsum xatolaridan xulosa chiqargandik. Kimdir xato qilgan (eng yaxshi himoyachisini sotgan «Tottenhem»), kimdir transferlar bozorida faol bo'lgan («Manchester Siti»). Kimdir esa, ya`ni «Liverpul» bir joyda depsinib turibdi. APLda bunday holat faqat Fergyuson davridagi «MYu»da normal qabul qilingan. Klopp esa ser Aleks emas, zamon o'zgargan.

Yangilangan «Arsenal»
«Kanonirlar» o'tgan mavsumning ikkinchi qismidayoq o'zgarishlar boshlagandi, Arsen Venger ikkinchi davrada jamoa o'yin uslubida keskin o'zgarishlarni amalga oshirdi. «Arsenal» keyingi 20 yildan ortiq vaqt ichida ilk marta uch himoyachi bilan o'yinni qurishga o'tdi, natijada mavsumdagi oxirgi 10 o'yinda 9 g'alaba, jumladan «Siti» va «Chelsi» mag'lub etildi.

Yozgi transferlar vaqtida hujumchi Aleksandr Lyakazett, va qanot himoyachisi, bosniyalik mehnatkash Kolashinats (u «Shalke»dan erkin agent maqomida keldi) transfer qilindi. Shuningdek, Aleksis Sanches va Mesut O'zil qolishga ko'ndirildi. Shu bilan birga Venger davrida ilk marta «Arsenal» Chempionlar ligasida qatnashmaydi!

Jamoa oldida qiyin, shu bilan birga qiziqarli vazifa turibdi: Nega endi o'z imkoniyatlaringni yangi turnirda sinab ko'rmasliging kerak? Bu turnir ham o'ziga yarasha nufuzga ega, londonliklar esa bu turnir favoriti.

Lekin Vengerning oxirgi intervyularidan bilish mumkinki, u asosiy e`tiborni APLga qaratadi. Yevropa Ligasidagi o'yinlarda asosan o'rinbosarlar ishtirok etishi kutilmoqda.

«Manchester Yunayted» hammani hayron qoldirmoqchi
Joze Mourino «MYu»ni Lui van Gaal davridagi inqirozdan keyin ko'tarmoqda. Portugaliyalik mutaxassis ham jamoani oltinchi o'rindan yuqoriga olib chiqa olmadi, uning davrida hujum unutildi (hatto «Bornmut» ko'proq gol urgan), duranglar sindromi (15ta durang va rekord). Lekin u barchasini bir narsa uchun qurbon qildi: Yevropa Ligasidagi g'alaba va Chempionlar ligasiga yo'llanma!

Yozda jamoa katta xaridlarni amalga oshirdi  – Matich (45 million yevro), Lukaku (100 mln yevro va bonuslar), Lindelef (35 mln yevro). Jamoa barchani hayron qoldirishga hozirlanmoqda. Portugaliyalik murabbiy futbolchilarda ambitsiya uyg'otish qobiliyati bilan ajralib turadi.

Yangi mavsum «MYu» uchun burilish mavsumi bo'lishi mumkin. Pogba, Mxitaryan va Bayi moslashish davridan o'tdi, Lukaku va Matich avvaldan Angliyada. Mankunianlar kuchli oltilikdagi boshqa klublarga nisbatan jiddiy tayyorlandi, jamoa startga jismonan yuqori formada yetib kelgan.

Birinchi tur o'yinlari bugun, Toshkent vaqti bilan soat 23:45da «Arsenal» va «Lester» uchrashuvi bilan boshlanadi.