14:12 / 12.08.2017
8909

1 iyul holatiga ko‘ra 500 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsuloti yaroqsiz deb topildi

Foto: "Kun"

2017 yil 11 avgust kuni Milliy matbuot markazida "O‘zstandart" agentligi tomonidan OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. "Kun.uz" muxbirining xabar berishicha, tadbirda oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta'minlashda agentlik tomonidan olib borilayotgan ishlar bo‘yicha hisobot berildi. 

Agentlikning hududiy standartlashtirish va metrologiya boshqarmalari tomonidan 2016 yildan boshlab shu kunga qadar 170 oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va sotuvchi tadbirkorlik sub'yektlari ustidan davlat nazorati o‘tkazildi. 

Tekshiruvlar natijasida 340 turdagi oziq-ovqatlar sifat va xavfsizlik bo‘yicha sinovdan o‘tkazilib, shundan 80 (23,5%) turdagi mahsulot me'yoriy hujjatlar talablariga nomuvofiq, deb topilgan. 

Shuningdek, jami 12018 dona o‘lchov vositalaridan 1572 tasi (13%) yaroqsiz holdaligi aniqlangan.

Cinov laboratoriyalari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida o‘tgan yilning oxirgi 6 oyi davomida 2 mlrd. 188 mln. so‘mlik oziq-ovqat mahsuloti yaroqsiz deb topilgan, 2017 yil 1 iyul holatiga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich 500 mln. so‘mni tashkil etdi. 

Mahsulotlar sifatini xalqaro talablarga yetkazish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida, tasdiqlangan dasturlarga asosan 2017 yilda 1265 ta eksportyor korxonada sifat menejmenti tizimlarini joriy etish belgilangan.

Top