17:52 / 12.08.2017
5087

Xitoyning eng yirik ijtimoiy tarmoqlari hukumat bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ldi

Xitoyning uchta eng yirik ijtimoiy tarmog‘i – WeChat messenjeri, Twitter’ning xitoycha nusxasi — Weibo va Tieba forumi kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi qonunning buzilishi bo‘yicha tergov doirasida hukumat bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ma'lum qilishdi. Bu haqda CGTN telekanali xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, ushbu ijtimoiy tarmoqlarga egalik qiluvchi barcha uch kompaniya “chuqur afsusda” ekanini bildirdi va “tergov doirasida to‘la hajmda hamkorlik qilish” niyatida ekanliklarini ma'lum qilishgan. Ular tegishli o‘zgarishlarni amalga oshirishga ham tayyor turibdi.

Tieba forumiga egalik qiluvchi Baidu kompaniyasi bu borada birinchi bo‘lib bayonot bilan chiqdi hamda forumdagi ma'lumotlarni tekshiruvdan o‘tkazishni kuchaytirishga va'da berdi.

Tencent Holdings Group (WeChat egalari) va Weibo Corp. (shu nomdagi ijtimoiy tarmoq egalari) ham bayonotlar bilan chiqishdi, ularda Xitoyning kibermakon masalalari bo‘yicha boshqarmasi bilan faol hamkorlik qilishga tayyorlik bildirilgan.

Avvalroq Xitoy Kiberxavfsizlik ma'muriyati mamlakatning eng yirik onlayn-platformalariga qarshi tergov ishini yo‘lga qo‘ygani xabar berilgandi.

Top