10:36 / 12.08.2017
4509

OAV: Facebook Xitoyda maxfiy ilovani ishga tushirdi

Facebook kompaniyasi Xitoyda fotosuratlar almashish uchun maxfiy ilovani ishga tushirdi. Bu haqda The New York Times kompaniyadagi manbaga asosan xabar bergan.

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, Facebook Colorful Balloons ilovasini taqdim etgan. U o‘z funksiyalari bo‘yicha mahalliy Youge Internet Technology kompaniyasining Moments ilovasiga o‘xshab ketadi.

Shu bilan birga, ta'kidlanishicha, Xitoy hukumati Amerika texnologiya giganti bu ilovani xitoylik foydalanuvchilar orasida tarqatayotganini bilishi yoki bilmasligi noma'lum bo‘lib qolmoqda.

Gazetaning aniqlashicha, Xitoy kompaniyasi rahbari sifatida Chjan Tszinmey ism-familiyalik qiz ko‘rsatilgan, u Mark Tsukerbergning xitoylik amaldorlar bilan uchrashuvlaridan biri tasvirlangan fotosuratda bor.

Facebook uning kompaniyaga aloqasi va yuqoridagi ilovaga tegishli masalalarga izoh berishdan bosh tortgan.

Avvalroq Facebook yangi Watch videoplatformasi ishga tushirilganini e'lon qilgandi.

Top