11:00 / 12.08.2017
116635

Prezident kelishidan qo‘rqqan shifoxona rahbariyati bemor bolalarni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazdi

11 avgust kuni Kun.uz tahririyatiga o‘quvchilaridan biri murojaat qilib, Toshkent viloyati Olmaliq shahar 3-son bolalar shifoxonasi bir kun ichida kapital ta'mirlash uchun yopilib, unda davolanayotgan yosh bolalar va ularning ota-onalari shahardagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ko‘chirilgani haqida ma'lum qildi. Murojaat qiluvchi otaning ta'kidlashicha, Davlat rahbarining shaharga kelishi ma'lum bo‘lganidan so‘ng, shunday keskin harakatlarga qo‘l urilgan. Uning xavotir bildirishicha, bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasi hududiga o‘tkazilsa, shamollash yoki boshqa kasalliklardan davolanayotgan bemor bolalar (ular orasida bir necha oylik go‘daklar ham bor) boshqa bir jiddiyroq kasallikni orttirib (yuqtirib) olishi ehtimolidir.

Kun.uz muxbiri shu kuni holatni o‘rganish uchun Olmaliq shahrida 3-son bolalar shifoxonasi va shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borib, holatni o‘rgandi.

Dastavval, o‘quvchimizning aytgan ma'lumotlari tasdiqlandi. Haqiqatdan ham 3-son bolalar shifoxonasi 10 avgust kuni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarining buyrug‘i bilan ko‘chirila boshlangan. Shu kunning o‘zida Olmaliq kombinatidan ishchilar (yigitlar va qizlar) “hashar”ga kelishgan va surishtiruv kunidagi shifoxona holati quyidagicha edi.

Olmaliq shahar 3-son bolalar shifoxonasining 11 avgustdagi holati

Bir kun avvalgi holatdan xabarsiz kishi bu yerda kapital ta'mirlash ishlari boshlanganiga bir necha kun yoki hafta bo‘lgan deb gumonga borishi shubhasiz. Shu yerda ko‘chish ishlarini yakunlayotgan hamshiralar bilan suhbatlashdik. Ular kapital ta'mirlash haqiqatdan ham kutilmagan voqea bo‘lganini tasdiqlashdi.

Bizni ajablantirgan narsa shu bo‘ldiki, bundan avval, ular Davlat rahbari kelishidan ogohlantirilgan va Shavkat Mirziyoyevning ushbu shifoxonaga kirib qolishi ehtimoli tufayli shifoxonaning ayrim ta'mir talab joylarini bo‘yash va oqlash ishlarini (e'tibor bering, ishchilar emas, hamshiralar) bajarishgan. Bu gapni shu shifoxonada davolanayotgan, ayni vaqtda yuqumli kasalliklar shifoxonasi alohida korpusiga ko‘chirilgan bemor bolalarning ota-onalari ham tasdiqlashdi. Ular 3-son bolalar shifoxonasi hamshiralarining joriy ta'mirlash ishlarini bajarganlariga guvoh bo‘lishgan.

Bundan tashqari, keltirilgan bo‘yoqlar yetmagani sababli joriy ta'mirlash o‘tkazilgan qavatlar hamshiralari 25 ming so‘mdan pul ham yig‘ilgani, yig‘ilgan pullarga qo‘shimcha tarzda bo‘yoqlar xarid qilinganini aytishdi. Biz suhbatlashgan hamshiralardan birining aytishicha,  1989 yilda barpo etilgan shifoxona shu paytgacha ta'mirlanmagan va uni kapital ta'mirlash haqida 2015 yildan beri gap bo‘lgan. Ammo, shu yil boshida ham kapital ta'mirlanar ekan, degan gap keyinchalik, ta'mirlash 2018 yilga qolibdi, degan gaplarga almashgan.

Ammo, Prezident Shavkat Mirziyoyev shaharga kelishi haqida xabar chiqqach, hamshiralar shifoxonaning u yer-bu yerini yamashga tushib ketishgan. 10 avgustda esa, kutilmaganda ertalab yig‘ilish o‘tkazilib, unda viloyat SSB rahbari shifoxona kapital ta'mirlanishi, shu munosabat bilan tezda shahardagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ko‘chishga buyruq bergan.

Bemorlar shu kunning o‘zida yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ko‘chirilgan. Bu ishning bir kunda bajarilganiga qoyil qolmay iloj yo‘q, albatta.

“Biz uchun, umuman hamma uchun bu kutilmagan yangilik bo‘ldi. Chunki, bir necha kun mobaynida biz juda yomon joylarni, romlarni bo‘yab, oynalarni tozalash ishlarini yakunlayotgan vaqtda majlisga chaqirishib, ko‘chish buyrug‘ini berishdi”, - deydi hamshiralardan biri.

Yuqumli kasalliklarga ko‘chirilgan bemor bolalarning ota-onalariga ko‘ra, ko‘chish to‘satdan amalga oshirilgani sababli bino tayyor holatda bo‘lmagan. Ayni vaqtda undagi xonalarda 8 tagacha karavot (bitta yotoqda bola va ona) qo‘yilgan.

Aslida bemorlar ko‘chirilgan bino ham havas qilgudek emas

Olmaliq shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ko‘chirilgan bemorlar palatasi

Yuqoridagi masalalar yuzasidan Olmaliq shahar 3-son bolalar shifoxonasi bosh vrachi bilan gaplashganimizda, u bo‘yoqlar uchun pul yig‘ish holatlaridan xabari yo‘qligini aytib, bunday bo‘lgani ehtimolini rad etdi. Uning aytishicha, kapital ta'mirlash avvaldan ma'lum bo‘lgan. Bu borada Respublika va viloyat sog‘liqni saqlash mutasaddilari ta'mirlashning smeta-loyihalarini ham tuzishgan. Bosh shifokorning so‘zlariga ko‘ra, 3-son bolalar shifoxonasi negizida yirik qurilish ishlari amalga oshiriladi. Uning o‘rnida bolalar shifoxonasi, oilaviy poliklinika va alohida ajratilgan holda yuqumli kasalliklar shifoxonasi joylashadi. U eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta'minlanadi. Bosh shifokor shu maqsadda 18 mlrd so‘m ajratilganidan xabardor ekani, shunday ekan ko‘chish va ta'mirlash to‘satdan boshlanganini bemalol rad etishini ta'kidladi. Kapital ta'mirlashning Prezident tashrifidan bir kun avval boshlanishi tasodifligini bildirdi. Chunki kapital ta'mirlash ancha avval rejalashtirilgan hamda shu masalada vazirlikning yuqori lavozimli mulozimlari ham bir necha bor kelib ketishgan.

Tahririyat muxbiri yuqumli kasalliklar bilan kasallanmagan bemorlarniing xuddi shunday kasallik bilan og‘riganlar davolanayotgan shifoxonaga ko‘chirilishi qanchalik to‘g‘ri ekani va umuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi va boshqa shifoxonalarning binolarini birlashtirish me'yoriy hujjatlarga mos ekani yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati bilan bog‘landi.

O‘zini Respublika DSEN epidemiologi deb tanishtirgan Azamat Ro‘ziyev dastavval yuqumli kasalliklar shifoxonasi binosi va boshqa shifoxonalar binosi birlashib ketishiga oydinlik kiritdi. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, Olmaliq shahar 3-son bolalar shifoxonasi negizida kapital ta'mirdan keyin 90 o‘rinli bolalar shifoxonasi, oilaviy poliklinika va 30 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi bo‘ladi.

Ro‘ziyevning ma'lum qilishicha, RDSENning 0292-sonli davolash-profilaktika muassasalarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish to‘g‘risidagi me'yoriy hujjat talabiga ko‘ra, yuqumli kasalliklar shifoxonasini alohida kirish-chiqish yo‘llari, hududi va davolash bo‘linmalari bilan birga boshqa davolash muassasalaridan ajratgan holda bir binoda yonma-yon joylashtirish mumkin.

Ro‘ziyev ikkinchi masalaga to‘xtalar ekan, alohida uqdirishicha, bugungi kunda bo‘g‘ma, shol, qizamiq kabi havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan xavfli yuqumli kasalliklar RDSEN markazlarining samarali faoliyati tufayli yo‘qotilgan. Shu bois, zarurat bo‘lib qolganda, boshqa davolash muassasalarini ham alohida ajratgan holda yuqumli kasalliklar shifoxonalarining binolarida joylashtirishga ruxsat etiladi. Bunda dastavval binoni sanitar-epidemiologik talablarga muvofiq zararsizlantirish talab etiladi.

Olmaliq shahar SEN markazi mulozimi bu ishlar talab darajasida amalga oshirilganini aytgan bo‘lsa, 3-son bolalar shifoxonasi bosh shifokori ham bu ishlarga o‘zi shaxsan bosh-qosh bo‘lganini tasdiqladi. Shunday ekan, ayrim bemorlarning ota-onalari xavotirlariga o‘rin yo‘q.

P.S.: Hamshiralar orasida ham fond puli yig‘ish borligi, kasallik tarixi sahifalaridan nusxa ko‘chirish va kantselyariya mahsulotlari uchun 300-400 ming so‘mlik maoshdan pul ajratishlari, bemorlarga arzon dorilar o‘rniga tarkibi bir xil bo‘lsa-da qimmat dorilar yozilib, ularning qutisi yig‘ilishi va hakozolar keyingi maqola mavzusi!

Tolib Rahmatov
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid
Top