20:53 / 12.08.2017
4721

Sayyohlarga Koksaki virusidan saqlanish uchun tavsiyanoma chop etildi

Rossiyaning Rospotrebnadzor tashkiloti ayni vaqtda Turkiyada bo‘lgan rossiyalik sayyohlarga tavsiyanoma chop etdi. Bunga Turkiyada dam olayotganlar o‘rtasida Koksaki virusining tarqalishi sabab bo‘lgan.

Tavsiyalarga ko‘ra, birinchi navbatda, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish va faqatgina qadoqlangan yoki qaynatilgan suvni ichish lozim. Shuningdek, sayyohlarga oziq-ovqat mahsulotlarini tegishli haroratda saqlash, ularning yaroqlik muddatiga e'tibor qaratish, meva, sabzavot va rezavorlarni yeyishdan oldin yaxshilab yuvish kerakligi eslatib o‘tilgan.

Bundan tashqari, Rospotrebnadzor bolalarning basseynlarga va mehmonxonalarning bebi-klublariga qo‘yilishlarini cheklashni tavsiya qilgan.

Rospotrebnadzor saytida chop etilgan tavsiyanomada Koksaki virusining ilk alomatlari paydo bo‘lishi bilan shifokorga uchrashish kerakligi aytilgan.

Koksaki virusining ilk alomatlari quyidagilardan iborat: yuqori tana harorati, kuchli titrash, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil ozish, diareya. 

Top