O'zbek tilining mavqeini oshirish: buning uchun qanday choralar ko'rilishi kerak?

O'zbekiston 12 Avgust 2017 7342
Фото: ЎзА

Ona tilini chuqur o'zlashtirish bo'yicha qanday o'zgarishlar qilish kerak? Til har bir inson uchun eng asosiy aloqa vositasi hisoblanadi. Tilni yaxshi bilgan inson o'z ichki tuyg'ularini, voqea-hodisalarning bayonini hammaga tushunarli qilib og'zaki va yozma ravishda ifodalay oladi. Til hamma mutaxassislik uchun birday muhim.

Albatta mamlakat ichida hamma tillarning orasida, ona tili, o'zbek tili, davlat tili eng ko'p ishlatiladi. Ta`lim muassasalarida, davlat tashkilotlarida, qisqasi hamma joyda aloqa birinchi navbatda davlat tilida bo'ladi.

Hozir o'zbek tilini ona tili deb biladiganlarning, so'zlashadiganlarning ona tilini bilish darajasi qanday? Menimcha bu sohada katta tadqiqotlar o'tkazilgani yo'q.

Samarqand davlat universiteti rektorining tashabbusi bilan, universitetning barcha talabalarini o'zbek tili bo'yicha savodxonlik darajasini bilish uchun, ulardan diktant, bayon va erkin mavzuda insho olindi. Diktant yozish bo'yicha birinchi o'rinda o'zbek tili va adabiyoti fakultetining talabalari, ularning 27 foizi «2», 73 foizi «qoniqarli». Ikkinchi o'rinda biologiya-kimyo fakultetining talabalari, ularning 67 foizi o'tgan, 33 foizi «2» baho olgan.

Boshqa fakultet talabalarining taqriban yarmi o'tgan, yarmi o'ta olmagan. Universitet bo'yicha 52 foizga yaqin talaba o'tgan, 48 foizi esa diktantdan «2» baho olishgan.

Bunga tegishli eng so'nggi ma`lumotga ko'ra, SamDUga o'qishga qabul qilish uchun hujjat toshshirgan bir qism abituriyentlar 5-6 martadan ariza yozgan, bitta shovvoz esa 59 marta yozibdi.

Men ishlaydigan kimyo bo'limida ham ba`zi nazoratlar yozma shaklda o'tkaziladi. Ba`zi talabalar «kvant», «molekula» kabi so'zlarni to'g'ri yozaolmaydi. Vaholanki, bu so'zlar o'rta maktabda, litsey va kollejda fizika va kimyo fanlarida o'tiladi.

Insho olgan mutaxassislarning gapiga qaraganda, talabaning ona tilidagi so'z boyligi 500-1000 atrofida. Bunday so'z zaxirasi bilan o'z fikrini tinglovchiga (kelajakda o'quvchiga) har tomonlama tushunarli qilib yetkazish mumkin emas ekan.

Xo'sh, nima qilsak bu yerda ish ijobiy tomonga qarab siljiydi?

Hozir o'zbek tiliga katta e`tibor berilganga o'xshaydi, qonun qabul qilingan, test sinovlaridagi bitta fan albatta ona tili, maxsus institut tashkil qilindi va hokazo. Lekin shunga qaramasdan talabalar o'rtasida o'tkazilgan kichik tadqiqot shuni ko'rsatadiki, ahvol achinarli.

Chunki SamDU talabalarining har biri yo'nalishga qarab kamida 8–15 nafar abituriyentning orasidan tanlab olingan. Menimcha, boshqa oliy o'quv yurtlarida ham ahvol shunga yaqin bo'lsa kerak.

Odatda til yoshlikdan o'rganiladi. Birinchi navbatda oilada, bog'chada, maktabda. Tilni o'rganishda badiiy adabiyotning, kitobning o'rni beqiyos. Shuning uchun tilni aynan yoshlikda o'rganish va o'rgatish kerak. Agar biz hamma sohada o'zimizga talabchan bo'lsakkina biror narsaga erishamiz. Buning uchun me`yorni yuqori qo'yib unga intilish, mehnat qilish kerak.

Bu masalada quyidagicha yo'l tutishni taklif qilmoqchiman: Birinchi navbatda bog'chalarda, o'rta maktablarda o'zbek tili va adabiyoti o'qituvchilarining o'zini o'zbek tilini bilish darajasi bo'yicha sinovdan o'tkazish kerak.

Ikkinchidan, o'rta maktab bitiruvchisining o'zbek tilidan minimal bilimini me`yorini aniqlash kerak. Agar bitiruvchining o'zbek tilidan bilim darajasi shu me`yordan past bo'lsa, unga o'rta maktabni tugatganlik to'g'risida attestat bermaslik kerak.

Buni qanday qilib amalga oshirish mumkin? Davlat test markazining viloyatlarda bo'limlari bor. O'n bir yillik maktablar oyoqqa turguncha va ishni yo'lga qo'yib olguncha, shu bo'lim rahbarligida viloyat maktablarida 6-sinfdan boshlab bir varaq hajmida diktant olinadi. Diktantni o'zbek tilida xatosiz yozadigan, fizik, matematik qisqasi — xohlagan fanning o'qituvchisi olishi mumkin.

Uning natijasi o'sha kuni, o'sha yerda e`lon qilinadi va xohlasa ota-onasiga, o'qituvchilariga ko'rsatiladi. Diktant viloyat test bo'limida o'quvchi maktabni tugatguncha saqlanadi. Balki 10-sinfda diktant o'rniga bayon olinar.

To'rt yillik natija bo'yicha me`yordan past bo'lganlarni maktabiga, ota-onasiga agar ahvol o'zgarmasa, uni kasb hunar kollejiga, yo maktabni o'zida hunar o'rgatishga, o'tkazish, yoki 10–11-sinflarda o'qishni davom ettirish uchun qoldirilgan taqdirda ham, attestat bermaslik aytiladi. Bu ish to 11-sinfning noyabrigacha davom ettiriladi. 11-sinfning noyabr-dekabrida oxirgi marta o'zbek tili bo'yicha tegishli sinov o'tkaziladi, bu yerda ham natija qaniqarsiz bo'lsa unga attestat bermaslik kerak.

Agar shunday qilinsa, attestat olganlarning va birinchi navbatda oliy o'quv yurtiga kirish uchun hujjat topshirganlarning o'zbek tili bo'yicha bilimiga shubha qilmasa ham bo'ladi. Bu masalada ko'ngli bo'shlik qilish, bolaning psixologiyasiga salbiy ta`sir ko'rsatishini ro'kach qilib har xil bahonalar axtarish, qisqasi bema`ni «o'zbekchilik» qilishga o'rin bo'lmaslik kerak.

Bir-ikki yilda ish joyiga tushadi. Bolaning va ota-onasining ko'zi moshday ochiladi. Bolani faqat dunyoga keltirishning o'zi yetmasligini, uning tarbiyasi, bilimi uchun ham ota-ona mas`ul ekanligini anglaydi.

Bu boshqalarga saboq bo'lib jamiyatga ancha ijobiy ta`sir ko'rsatadi. Vazirlikka, undan yuqorilarga qanday rahbarlar kelishidan qat`i nazar, ishni qat`iyat bilan uzluksiz ravishda amalga oshirish kerak, xolos.

Keyinchalik 8-sinfdan boshlab matematikani ham qo'shish kerak. Matematika bo'yicha 2 xonalik (katta sinflarda 3 va 4 xonalik) sonlar ustida 4 amalni (qo'shish, ayirish, ko'paytirish, bo'lish) bajarish bo'yicha sinovdan o'ta olmaganlarga ham attestat berishni hojati yo'q. Qisqasi, bu yerda me`yorni belgilash o'zimizga bog'liq.

Bu ham yangi «velosiped» emas. Men «velosiped» ixtiro qilishni juda yomon ko'raman. Shuning uchun mening deyarli hamma takliflarim boshqa ilg'or mamlakatlarda sinovdan o'tgan va hayotga tatbiq etilgan usullar.

Ko'pchilik xatlarimda, takliflarimda aytganimday, oldin biz hamma sohalarda bizdan oldinda ketayotganlarga yetib olaylik, keyin nimanidir ixtiro qilishga kirishamiz. Hozircha «bo'yni yo'g'onlik» qilmasdan, «o'ziga mos, o'ziga xos» «qolip» axtarmasdan va eng asosiysi, vaqtni yo'qotmasdan bizdan oldingilardan o'rganish kerak xolos.

Masalan, Isroil davlatida aynan shunday qilinadi. Isroilda o'rta maktablarda 12 yil o'qishadi. O'rta maktablar o'quvchilarni yetuklik attestati (bagrut) olish uchun imtihonlarga tayyorlaydi. Topshirish shart bo'lgan predmetlar bo'yicha o'tish bali olgan o'quvchilar yetuklik attestati olishadi. Bunday predmetlarga ivrit, ingliz tili, matematika, Tanax (Tavrotni ifodali o'qish) va adabiyot kiradi. 2007 yilda 12-sinfni tugatayotgan o'quvchilarning 74,4 foizi imtihon topshirishgan va ularning 46,3 foizi attestat olgan xolos.

Isroilda ham ota-onalar o'z farzandlarini biz qatori yaxshi ko'radi, davlat ham bizning davlatimiz kabi balki undan ko'proq g'amxo'rlik qiladi. Chunki Isroilda yalpi ichki mahsulotning taqriban 10 foizi ta`limga sarflanadi. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining ma`lumotiga qaraganda, Isroilda (katta yoshdagi) aholining 45 foizi oliy ma`lumotga ega.

Boshqa rivojlangan davlatlarda ham shunga o'xshash saralashlar bor. Besh barmoq baravar bo'lmagani kabi, odamzot ham aqliy qobiliyati va bilim darajasi bilan bir biridan farq qiladi. Shu tabiiy farqqa qarab ajratilib, uning «kuchi», aqli yetadigan darajada bilim berilsa, uning o'zlashtirishi shuncha unumli bo'ladi.

Diktant olishda bir o'quvchining o'rniga boshqasini kiritish, turli bahonalar o'ylab topish, «katta» va rahbar odamlar tomonidan bolalari, nabiralari uchun tazyiq ko'rsatish, attestat ololmagandan keyin nima qilish va hokazo masalalarning hammasiga yechim topish mumkin. Eng asosiysi — ishni amalga oshirish uchun xohish-iroda va qat`iyat bo'lsa bas.

Abdulla Quvatov,
SamDU dotsenti.

Ko'proq yangiliklar: