09:40 / 12.08.2017
5711

Zangiota tumanida 10 mln so‘mlik zargarlik buyumlarini o‘g‘irlagan ayol qo‘lga olindi

Zangiota tumani IIBga joriy yilning 29 iyul kuni Masalboy qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi, uy bekasi, 1972 yilda tug‘ilgan Mohira Arabboyeva (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida joriy yilning 16 iyun kuniga o‘tar kechasi noma'lum shaxs, uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib, erkin yo‘l bilan kirib, uyidan umumiy narxi taxminan 10.000.000 so‘m bo‘lgan 1 dona ayollar tilla uzugi va 1 juft ayollar tilla ziraklarini o‘g‘irlaganligini ma'lum qilgan. Bu haqda Toshkent viloyati IIB xabar berdi.

Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Mohira Arabboyevaning uyida vaqtincha yashab yurgan, Toshkent shahrida yashovchi, uy bekasi, 1984 yilda tug‘ilgan Nodira Nursultonova sodir etganligi aniqlanib, ushlandi.

Yangiyo‘l tumanida joriy yilning 31 iyul kuniga o‘tar kechasi noma'lum shaxs, hech kim yo‘qligidan foydalanib, eshik qulfini buzish yo‘li bilan kirib, uy bekasi, 1961 yilda tug‘ilgan Shoxida Yangiboyevaga tegishli Yangiyo‘l tumani Navro‘z mahalla fuqarolar yig‘ini Oxunboboyev ko‘chasida joylashgan omborxonadan narxi taxminan 3.000.000 so‘m bo‘lgan «Xing» rusumli muzlatgich, narxi 160.000 so‘m bo‘lgan tarozi va narxi 150.000 so‘m bo‘lgan «Nokia» rusumli uyali telefon apparatini o‘g‘irlab ketgan.

Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Yangiyo‘l tumanida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan Mohirbek Narzullayev sodir etganligi aniqlanib, ushlandi.

Ushbu holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top