13:16 / 13.08.2017
11644

Talabalar uchun «​O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti Modeli»​ loyihasi tashkil etilmoqda

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Yoshlar sektori barcha talabalarni yangi loyiha - «O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti Modeli»ga taklif qilmoqda. Ushbu g‘oya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qonun loyihalarini qabul qilish va muhokama jarayonlarining simulyatsiyasi hisoblanadi. Parlament Modeli ishtirokchilar – yosh deputatlar uchun qizg‘in munozaralar va intellektual muhokamalarda faol qatnashish imkoniyatini taqdim etadi. 

Loyihada talabalar qonun loyihalarining ishlab chiqilishi, muhokamasi va qabul qilinishida bevosita ishtirok etadi, muzokaralar olib borish va notiqlik san'ati hamda yetakchilikda o‘z qobiliyatlarini sinab ko‘radilar. Shuningdek, qatnashchilar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi ishlash mexanizmida ishtirok etish va 2017 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlanishining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar, xususan «Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish» ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Simulyatsiya davomida qabul qilingan qonun loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun taklif sifatida taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Parlament modelida ishtirok etish istagida bo‘lganlar «​Taraqqiyot strategiyasi»​ markazining rasmiy sayti orqali ariza topshirishlari mumkin. Ariza topshirganlar orasidan 150 nafar ishtirokchi saralab olinadi. Arizalar 2017 yil 10 sentabrgacha qabul qilinishi ma'lum qilinmoqda.

Top