17:13 / 14.08.2017
20271

Arxitektura va qurilish organlarining vakolatlari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining 1.08.2017 yildagi 571-son qarori bilan Davarxitektqurilish, uning tarkibiy bo‘linmalari, shuningdek, respublika va hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Hujjatda quyidagi organlarning asosiy vazifalari va funksiyalari, huquq va javobgarligi, shuningdek, faoliyatini tashkil etish aks etgan:

1 – Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi

Shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi bo‘lib, Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi. Bosh vazir taqdimiga binoan Prezident tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan rais boshchilik qiladi. Raisning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari ham xuddi shu tartibda lavozimga tayinlanadi va undan ozod etiladi.

2 - Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi hamda hududiy arxitektura  organlari huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari.

Respublika kengashi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek loyiha-qidiruv tashkilotlarining mamlakat hududi, uning alohida qismlari, shu jumladan aholi punktlari va aholi punktlararo hududlarini shaharsozlik jihatdan rivojlantirish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi. Kengashga Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari boshchilik qiladi, Davarxitektqurilish uning ishchi organi hisoblanadi.

Hududiy kengashlar arxitektura, shaharsozlik va hududlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha kollegial organ hisoblanadi. Shaharsozlik va loyiha hujjatlarini kelishish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish jarayonida ularning kasbiy asoslanganligi, shaffofligi va ochiqligini ta'minlaydi. Hududiy arxitektura organi kengashning ishchi organi bo‘lib, uning rahbari kengashga boshchilik qiladi.   

Ma'lumot uchun: ko‘rsatilgan kengashlarning shaxsiy tarkiblari Prezidentning 1.05.2017 yildagi PF–5030-son farmoni bilan tasdiqlangan.

3 – Davarxitektqurilish huzuridagi Ta'lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.

4 – Davlat ekspertizasi hududiy boshqarmalari.

Bular  Davarxitektqurilishning tarkibiy bo‘linmalari hisoblanadi. O‘z faoliyatida Davarxitektqurilishga, tegishli ravishda uning hududiy boshqarmalariga bo‘ysunadi va hisobot beradi.

Boshqarmalar markazlashtirilgan manbalar hisobiga amalga oshiriladigan shaharsozlik hujjatlarining, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning o‘z mablag‘lari va jalb etilgan mablag‘lari hisobiga obektlar qurilishining TIA va TIHning mustahkamlikka, yong‘in va portlash xavfsizligi hamda shaharsozlik, ijtimoiy, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, yoqilg‘i-energetika, xom ashyo va tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishi, loyiha yechimlarining amaldagi normativlar va standartlarga muvofiqligi yuzasidan belgilangan tartibda davlat ekspertizasini o‘tkazadi.

Shuningdek, bo‘linmalar vazifalari jumlasiga shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar va boshqa tashkilotlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish ham kiradi.

Davlat ekspertizasi boshqarmasiga Davarxitektqurilish raisining buyrug‘i bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq – bosh davlat eksperti boshchilik qiladi.

5 – Davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalari. 

Ular ham Davarxitektqurilishning tarkibiy bo‘linmalari hisoblanadi. Shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachining texnik nazoratini va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarning mualliflik nazoratini olib boradi;  qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsat bergan holda qurilish obektlarini ro‘yxatdan o‘tkazadi; qurilishi tugallangan obektlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha komissiyalar ishlarida qatnashadi (yakka tartibdagi uy-joy qurilishi bundan mustasno).

Hududiy inspeksiya boshlig‘i hududiy arxitektura boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga binoan Davarxitektqurilish raisining buyrug‘i bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Inspektorlar o‘z faoliyatini Davarxitektqurilish tomonidan har 3 yilda o‘tkaziladigan attestatsiya natijalariga ko‘ra beriladigan sertifikatlar asosida amalga oshiradilar.

6 – Qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazlari.

Davarxitektqurilish tarkibiga kiradi va tanlov savdolarini tashkil etish va o‘tkazishda belgilangan tartibga rioya etilishini nazorat qiladi; ularni tashkil etilishi va o‘tkazilishi bo‘yicha monitoringni olib boradi; mahalliy ishlab chiqaruvchilarning qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalari narxlarini shakllantirishda ishtirok etadi, shuningdek shaharsozlik faoliyati sub'yektlariga konsalting xizmatlari ko‘rsatadi.

Markaz direktori Davarxitektqurilish raisi buyrug‘i bilan lavozimiga tayinlanadi va undan ozod etiladi.

Mavzuga oid
Top