12:15 / 14.08.2017
11254

Yomonlikning javobi bor yoki qotillikka qo‘l urganlar

Ota-ona uchun  farzand hayotining davomchisi, ko‘zining oqu qorasi hisoblanadi. Ular farzandining o‘sib-ulg‘ayishi uchun jonini jabborga berib, mehnat qiladi. O‘zi yemaganini yediradi, kiymaganini kiydiradi. Evaziga bolasining aqlli-hushli, odob-axloqli, komil inson bo‘lib yetishib, “otangga rahmat!” degan maqtov olib kelishini xohlashadi. Bu barchaning niyati. Qolaversa, ular keksayib, kuch-quvvatdan qolganda taniga mador, beliga quvvat bo‘lishini ham  istashadi. Xudoga shukur, bunday o‘g‘il-qizlarimizning sanog‘idan adashamiz. Lekin afsus bilan aytishimiz kerak, ota-onalik mehrini suiiste'mol qilib, bo‘yi bo‘ylaridek, yoshi falonga yetsa ham ota-onaga rahmat emas, faqat tashvish keltirayotgan, ularni el-yurt oldida boshini egayotgan farzandlar ham uchraydiki, bunday o‘g‘il-qizning, ayniqsa, yigitlarning qilmishlari ko‘pchilikning nafratiga uchraydi, xolos.

Birinchi misol

Mahmud (ba'zi bir sabablarga ko‘ra familiyalari ko‘rsatilmadi) oilada kamlik ko‘rmay o‘sdi. Erka o‘g‘il emasmi, aytgani-aytgan, degani-degan, ota-onaga “falon narsa olib bering”, deb iltimos emas buyruq qilardi. Shu tariqa, yayrab-yashnab voyaga yetgan yigit, ancha vaqtgacha ota-onasining “soya”sida turmushning achchiq-chuchigini qo‘shtirnoq ostida “totdi” desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Nega desangiz, uni yigirma yoshida uylantirib qo‘ygach ham ro‘zg‘orini ota-onasi bir maromda tebratib bordi. Mahmud qo‘shnilarining ko‘zini shamg‘alat qilish maqsadida avval tashkilotlarda, keyin ustachilik bilan nomigagina ishladi. Ammo jo‘ravozlikni kanda qilmadi. Ulfatchilik, maishatbozlik uning kun tartibidan o‘rin olgandi.

Hamma ishning cheki, chegarasi bo‘lganidek, Mahmudni bunday yurishi Yaratganga ham xush kelmadi. Qolaversa, o‘zidan ketib, jinoyatga ham qo‘l urdi. U jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan ayblandi. Yaxshiyamki, mamlakatimizda insonparvarlik tamoyili bor ekan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Amnistiya to‘g‘risida”gi Farmonini tegishli bandiga asosan sodir etilgan jinoyati tugatildi.

Mahmudning mehnat faoliyatiga keladigan bo‘lsak, u asosan uydagi avtomashinalarning kuzovini ta'mirlash ustaxonasida ishlardi. Ayniqsa, mijozlarining buyurtmasini qoyilmaqom bajargach, ular xursand bo‘lishganida xizmat haqiga qo‘shimcha ravishda ziyofat ham berishardi. Ana shu ziyofatlar uni butunlay spirtli ichimlikka ruju qo‘yishiga sabab bo‘ldi. Bora-bora uning xurmacha qiliqlari tufayli mijozlarni “oyog‘i uzila” boshladi. Shuning uchun ham u otasidan pul talab qiladigan bo‘ldi. Deyarli har kuni mast, uyda esa mashmasha, janjal. Ichkilikning dastidan birinchi xotini bilan ajrashgan, ikkinchisiga ham kun bermasdi. Ularni ajratishga tushganlarini esa ayamay do‘pposlardi. Ko‘pincha otasi o‘rtaga tushib, o‘z pushti kamaridan tayoq yer edi. 

O‘rni kelganda bir narsani aytib o‘tsam. Bu mushtumzo‘r o‘g‘il kichkina emas: yoshi qirq beshga yaqinlashgan. Hatto bir nafar nabirasi ham bor. Ammo bosilishni sira xayoliga keltirmasdi. Yana  bir dalilni keltirsam. Mahmud doimiy ravishda spirtli ichimlik iste'mol qilganligi bois viloyat narkologiya dispanserida bir necha marotaba yotib davolanib chiqqandi. Baribir buning foydasi bo‘lmadi. Har kuni hovlida “sirk tomoshasi” qo‘yilardi. Oila a'zolaridan tashqari, qo‘shnilari ham bezor bo‘lib ketgandi, uning dastidan.

Ana shunday “tomosha”larning birida fojia yuz berdi. Mahmud arzimagan bahonai sabab bilan otasini ayovsiz do‘pposlab va belkurak bilan shafqatsizlarcha urib, qovurg‘alarini hamda burun suyagini sindirdi. Otasi holdan toyib yiqilgach esa uni bug‘ib, hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari yetkazdi. Nihoyat otani qasddan o‘ldirdi.

Jinoyat jazosiz qolmadi. Mastlik oqibatida o‘z padarini o‘ldirgan Mahmud sud hukmi bilan o‘n yetti yil ozodlikdan mahrum etildi.

Bir donishmanddan: “Yer yuzida tiriklar ko‘pmi, o‘liklarmi?”, deb so‘rashganda u o‘liklar ko‘p deb, javob qilgan ekan. “Negaki qalb ko‘zi yumuq odamlarni ham men o‘liklar qatoriga qo‘shaman”. Mahmudning bu qadar shafqatsizlarcha inson hayotiga nuqta qo‘yishiga qalban so‘qirligi sabab emasmi?.. 

Ikkinchi  misol

...Jasur qishloqda bo‘layotgan to‘yga bordi. To‘yda spirtli ichimlik qo‘yilishi tabiiy hol. Uning ichishini qishloqdoshlari bilardi. Qorni ochmi, yo to‘qmi hech kim so‘ramadi. Ketma-ket uzatilgan aroqlardan to‘yib ichdi va u “yetilib”  qoldi.

To‘yxonadan dabdirab-sabdirab chiqib, uyiga ravona bo‘ldi. Uyida taxminan ikki soatcha xotini va onasiga “leksiya” o‘qidi. So‘ngra xotiniga: “Somsa yeyishga boramiz, otlan”, dedi. Xotini esa kech bo‘lganligini “eslatib” qo‘ydi. Jasur bo‘lsa yana dabdirab sudralib, ko‘chaga chiqdi. Onaizori xavotirlanib, uyga olib kirmoqchi bo‘ldi. Ammo ular yo‘lda ancha vaqt qolib ketdi. Ana shu vaqt orasida dahshatli manzara ro‘y berdi. Buni asosiy guvohlardan biri bo‘lgan onaizorning sudda bergan ko‘rsatmasidan parcha keltirsak, jinoyatning tafsilotini bilib olasiz:

“...Bir vaqt qo‘shni qishloqda yashovchi Narziqul mashinadan tushib, yo‘l bo‘ylab o‘tib ketayotgan edi. (U bilan bir sinfda o‘qiganmiz.) Meni ko‘rib: “Ha, Ra'noxon”, dedi. Uning bu gapi o‘g‘limga qattiq tegdimi yo mastligi ustun keldimi harqalay Narziqulga: “Otasi yo‘q ekan, deb uyimizga kelayapsanmi?”, dedi. 

Narziqul o‘g‘limning gapiga hazillashib: “otasi yo‘q, deb keldim”, desa bo‘ladimi?! Jasur ham shuni kutib turgan ekanmi, uning yuziga bir musht tushirdi. Narziqul yuztuban asfalt yo‘lga yiqildi.

Ularni ajratishga harakat qildim. Ammo ajrata olmadim. So‘ng uyga kirib, ikkinchi o‘g‘limni yordamga chaqirdim. U hartugil ajratib, Narziqulni o‘rnidan turg‘azib yubordi, akasini esa uyga olib kirdi. Ertasi kuni Narziqul shifoxonaga tushganligini eshitdim...”  

Shunday qilib, Narziqul shifoxonada sakkiz kun koma holatida yotdi. U o‘ziga kelmadi. Shifokorlarning xizmati ham, dori-darmonlarning foydasi ham bo‘lmadi. U vafot etdi.

Jasurning aybi sud tibbiy ekspertizasi xulosasida ko‘rsatilgan bo‘lib, Narziqulning murdasida tan jarohatlaridan tashqari peshona, ikkala ko‘z, yonoqlari, lunjlari, burni, yuqori labidagi shilinma va qontalashlar, yumshoq to‘qimalarning lat yeyishi shu sohalarga chegaralangan yuzali o‘tmas qattiq (musht, poyafzalli oyoq yoki shunga o‘xshash) jismlarni bir necha marta ta'sirida hosil bo‘lgan. Ayni holatda uning o‘limiga sabab bo‘lgan. Unda alkogolli ichimlik belgisi yo‘qligi qayd qilingan. Shuningdek, jinoyat ishida to‘plangan boshqa barcha dalillar yig‘indisi bilan to‘liq o‘z isbotini topdi.

Shunday qilib, Jasur ham qilmishiga yarasha jazolandi.

Izoh: yuqorida tafsilotlari keltirilgan jinoyatlar bundan ikki-uch yil ilgari sodir etilgan edi. Ular bejiz keltirilmadi. Chunki bugungi mavzu noqobil farzandlarning noxush holatlari qanday yakun topayotgani xususida. Navbatdagi misol ham shulardan biri.  

Uchinchi  misol

Ota-bobolarimiz azaldan halol bilan haromni farqlashgan. Luqmai halol, harom, makruh degan iboralar bejiz aytilmagan. “Halollikning ildizi mingta, haromning ildizi bitta”, “Haromdan hazar qil”, degan naqllar hayot kuzatuvlaridan kelib chiqib aytilgan. Bu galgi “qahramon”larimiz ichkilik ichish bilan birgalikda o‘g‘rilik jinoyatiga ham qo‘l urishadi.

Avvaliga “qahramon”larimizga qisqacha ta'rif bersak. R.Valimurod (ismlari o‘zgartirilgan) 1973 yili Qiziltepa tumanida tug‘ilgan, oilali, uch nafar farzandi bor. Muqaddam besh marotaba sudlangan. N.Latip 1981 yili Navoiy shahrida tug‘ilgan. U  ham oilali, ikki nafar farzandli. Uch marta sudlangan. Y.Xolbek va L.Odilbeklar ham qizilpetalik. Biri yigirma yetti yoshda, ikkinchisi yigirma oltida. Ular ham oilali hamda sudlangan. Hammasini birlashtirib turgan “xalqa” ishlamay boylik orttirish va kayf safoda yurish...

Qisqasi, pixini yorgan o‘g‘rilar tavbalariga tayanmay “faoliyat”larini yana davom ettirishga kirishishdi. Ular G‘ijduvon tumanidagi dehqon bozori yonida qo‘yilgan qarovsiz holdagi avtomashinalarni tunamoqchi bo‘lishdi. Bu “usul”ning ustasi farang bo‘lib ketishgan edilar. Biri avtomashina kelib to‘xtagach, haydovchining ketidan tushib, izma-iz poylab yuradi. Qolganlari atrofni kuzatib, navbatma-navbat vazifalarini bajarishadi. “O‘lja” qo‘lga kiritilgacha haydovchini kuzatib yurgan sherigini telefon bilan chaqirib olishadi.

Mana, hozirgina “Matiz” rusumli avtomashina kelib to‘xtadi. Haydovchi mashina yukxonasini ochib, sumkadagi pullardan bir dastasini olib, bozorga ravona bo‘ldi. Uning ketidan Odilbek tushdi. Xolbek yukxonani o‘zi bilan olib kelgan tikuv qaychisi yordamida ochdi. Valimurod sumkani darrov oldi. Latip esa Odilbekka telefon qildi. Shu tariqa, birinchi “operatsiya” muvaffaqiyatli bo‘ldi. O‘lja 3 million so‘m ekan. Teng taqsimlab olishdi  va juftakni rostlashdi. 

Oradan bir hafta o‘tib, ular yana G‘ijduvon tumaniga paydo bo‘lishdi. Bu safar avtoturargoh oldidagi qarovsiz holda qoldirilib ketilayotgan avtomashinalardan birini tunamoqchilar. Xuddi shunday bo‘ldi. “Neksiya” rusumli avtomashinaning old yon eshigini ochishib, o‘g‘rilik qilishmoqchi bo‘lishganda avtoturargoh qarovuli sezib qoldi. U  zudlik bilan odamlarni yordamga chaqirib, o‘g‘rilarni ushlamoqchi bo‘ldi. Ammo o‘g‘rilar jinoyatni oxiriga yetkaza olmay, to‘rt tomonga qarab qochdi. 

“Buzoqning yugurgani somonxonagacha, o‘g‘rini qochgani qamoqxonagacha” deganlari rost. Tezkor izlanishlar natijasida o‘g‘rilar qo‘lga olindi. Ular  ayblariga iqror bo‘lishib, yetkazilgan zararni ham jabrlanuvchilarga qaytarishdi  va qilmishlariga yarasha jazolarini olishdi.

Bunday misollarni  yana ko‘plab keltirishim mumkin. Biroq ota-onaning boshini xam, yuzini shuvut qilayotganlar har qadamga uchrashi achinarli hol. Yana ota-onalar farzandlarini uyli-joyli qilib qo‘ygan bo‘lishsa-da, tirik tovon bo‘lib yurganlarini qanday tushunsa bo‘ladi?! Shuning uchun o‘z vaqtida farzandlarimizga to‘g‘ri tarbiya va odob-axloqni o‘rgatsak, ko‘p taltaytirib yubormasak, balki bunday jinoyatlar sodir etilishi kamayarmidi?!

Mavzuga oid
Top