21:39 / 15.08.2017
14904

Andijonlik fermerning murojaati hal qilinib, dalasiga suv keldi

Kun.uz tahririyatiga Andijon viloyat, Andijon tumani “Istiqlol” massivida faoliyat yuritayotgan “Qobiljon mirishkor” fermer xo‘jaligi rahbari ekinlarini sug‘orishda muammolarga duch kelayotgani haqida murojaat qilgan edi. 

Xo‘jalik rahbarining tuman hokimligi va qishloq va suv ho‘jaligiga qilgan ko‘p murojaatlari besamar ketgach, Kun.uz muxbiri ushbu muammoni  Andijonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro Press klub sessiyasida ko‘tarib chiqdi. Viloyat hokimi ushbu holat tez orada ijobiy yakunlanishi haqida aytgach, oradan ikki kun o‘tib, biz ushbu xo‘jalikka bordik.

Andijon tumanning Xerabek qishlog‘i adir hududida joylashgani uchun bu joylarda dehqonchilik qilish oson kechmaydi. Tuprog‘i bo‘liq  va hosildor bo‘lgani uchun dehqon va bog‘bonlar ming mashaqqat bilan hosil yetishtiradilar. Ma'lumki, tepaliklardagi paykallarga suv nasoslar orqali chiqarib beriladi.

“Qobiljon mirishkor” fermer xo‘jaligi paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan bo‘lib, 12,8 gektar yerga don, 13 gektar yerga paxta ekkan. Dalalari notekis adirlikka joylashgan. Shunday bo‘lsada, g‘allaning “Kroshka” navini ekkan dehqonlar ko‘ngildagidek hosil ko‘tarishibdi.

Ma'lumki, g‘o‘za rivojlanish jarayonida to‘rt marta va undan ko‘proq suv ichadi. Hozir ko‘chatlarni ayni ko‘sak tugadigan payti. Nihollarni kuzatib har bir tupda 10-12 tadan ko‘sak sanadik. Ba'zi ko‘chatlarda to‘rt-beshtadan paxta ochilgan. Demak, hosilni cho‘g‘i yomon emas. Dehqon bejiz murojaat qilmagan. Sababi, g‘o‘za chanqagan paytda suvdan qolsa, hosilga ziyon.

Viloyat hokimining topshirig‘i bilan tegishli mutasaddi tashkilotlar paxta dalasiga suv olib kelishibdi. Tuman qishloq va suv xo‘jaligi rahbari Mahmudjon Isroilov bilan to‘rt nafar suvchi tomonidan olib borilayotgan ish jarayonini kuzatdik. Tuman mutasaddisi ushbu holat qayta takrorlanmasligi va xo‘jalikni shaxsan o‘zi nazorat qilib borishini bildirdi.

Aslida, tuman hokimligi va tegishli idora vakillari o‘z ishiga ma'suliyat bilan yondashganlarida fermer xo‘jaligidagi suv muammosini katta minbarga olib chiqish shart bo‘lmas edi. 

Top