10:27 / 15.08.2017
13308

Fermerlar mexanizatsiya xizmatlari haqini qanday to‘laydi?

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining buyrug‘i (2017 yil 27 iyul) bilan «O‘zagroservis» aksiyadorlik jamiyati korxonalari tomonidan ko‘rsatilgan mexanizatsiya xizmatlari haqini to‘lash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Hujjat «O‘zagroservis» AJ korxonalari tomonidan davlat xaridi uchun paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga ko‘rsatilgan mexanizatsiya xizmatlari haqini to‘lash tartibini belgilaydi.

Ta'kidlash joizki, mexanizatsiya xizmatlari deganda «O‘zagroservis» AJ korxonalari tomonidan fermer xo‘jaliklariga qishloq xo‘jaligi texnikalari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar (yer haydash, ekin ekish, ishlov berish, mineral o‘g‘it solish, hosilni yig‘ish, tashish va boshqalar) tushuniladi.

Hujjat mexanizatsiya xizmatlari haqini to‘lash quyidagi 4 ta manba hisobidan amalga oshirilishini belgilab berdi:

•  qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining davlat xaridini maqsadli moliyalashtirish uchun Jamg‘armadan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga;
•  fermer xo‘jaliklarining o‘z mablag‘lari hisobiga;
•  Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 11 apreldagi 106-son qaroriga muvofiq ajratilgan byudjyetdan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga;
•  qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Mexanizatsiya xizmatlari haqini to‘lash uchun kredit resurslarini yo‘naltirish

O‘zagroservis» AJ korxonalari va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida mexanizatsiya xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalarni umumlashtirish asosida kredit resurslari ajratiladi. Shartnoma quyidagi shartlarni o‘z ichiga olishi kerak:

•  xizmatlar qiymatining 50%i miqdorida majburiy oldindan haq to‘lash;
•  mexanizatsiya xizmati ko‘rsatilganidan keyin 60 kun mobaynida yakuniy hisob-kitob qilish.

Bunda «O‘zagroservis» AJ korxonalari har oyning 3-sanasigacha xizmatlar haqini to‘lash uchun talab etiladigan summa to‘g‘risidagi ma'lumotlarni har bir fermer xo‘jaligi kesimida «Agrobank» AJ filiallariga taqdim etadi. Ushbu ma'lumot asosida kreditlash normativlariga rioya qilgan holda ajratish uchun zarur kredit vositalari hajmi belgilanadi.

Fermer xo‘jaliklariga ajratilgan kredit vositalari banklar tomonidan to‘lov hujjatlari asosida «O‘zagroservis» AJ korxonalarining maxsus mablag‘lar hisobvarag‘iga 23210 (23220) o‘tkazib beriladi.

G‘alla va paxta hosiliga yakuniy hisob-kitob uchun ajratilgan mablag‘larni mexanizatsiya xizmatlari haqini to‘lashga yo‘naltirish

G‘alla va paxta hosiliga yakuniy hisob-kitob uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan mexanizatsiya xizmatlari haqini to‘lash hosil topshirib bo‘linganidan keyin amalga oshiriladi. Jamg‘arma mablag‘lari fermerlarga tegishli ravishda «O‘zdonmahsulot» AJning 22602-sonli akkreditiv hisobvaraqlari, «O‘zpaxtasanoat» AJning 23210 (23220) — maxsus mablag‘lar hisobvarag‘i orqali tushadi.

Fermer xo‘jaliklarining hosil uchun 23210 (23220) — maxsus mablag‘lar hisobvarag‘iga kelib tushgan pullarning bir qismi O‘zagroservis» AJ korxonalarining to‘lov talabnomalari asosida tijorat banki tomonidan ko‘rsatilgan mexanizatsiya xizmatlari haqini to‘lashga yo‘naltiriladi.

Bunda «O‘zagroservis» AJ korxonalari mexanizatsiya xizmati ko‘rsatish chog‘ida har bir fermer xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatishdan oldin, shartnomaga asosan bajariladigan ish hajmini, debitorlik va kreditorlik qarzini baholab, bu haqda dalolatnoma tuzadi. Dalolatnoma tuzmasdan (xizmat haqi oldindan 100 foiz to‘langan holatlar bundan mustasno) xizmat ko‘rsatish taqiqlanadi. Dalolatnoma ish kuni yakunida 3 nusxada tuziladi. Birinchi nusxasi mexanizatsiya xizmatini ko‘rsatgan «O‘zagroservis» AJ korxonasiga fermer xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga to‘lov talabnomasi qo‘yish uchun beriladi («O‘zagroservis» AJ korxonalari 2 kun ichida tijorat banklariga to‘lov talabnomalarini topshiradi). Ikkinchi nusxasi fermer xo‘jaligida qoladi, uchinchi nusxasi esa «O‘zagroservis» AJ korxonasida saqlanadi.
 
Paxta hosili yig‘imida esa «O‘zagroservis» AJ korxonalari «O‘zpaxtasanoat» AJ tomonidan taqdim etilgan paxta hosili uchun pul oladigan fermer xo‘jaliklari to‘g‘risidagi ma'lumotni o‘rganib, fermer xo‘jaligi olishi lozim bo‘lgan mablag‘lar hajmini, mexanizatsiya bo‘yicha bajarilgan ishlar, mazkur xizmatlar bo‘yicha mavjud kreditorlik qarzini, shuningdek to‘lovga taqdim etilgan to‘lov talabnomalari bilan solishtiradi. Ushbu ma'lumot «O‘zpaxtasanoat» AJning hududiy boshqarmalari va tijorat bankiga taqdim etiladi.
 
Ma'lumotlar «O‘zpaxtasanoat» AJ tomonidan tasdiqlanganidan keyin tijorat bankining hududiy boshqarmalari shu kunning o‘zida mexanizatsiya xizmatlari haqini to‘lash uchun ajratiladigan mablag‘larga buyurtma tayyorlaydi va ushbu summalar «O‘zagroservis» AJ korxonalariga yo‘naltiriladi.

Mavzuga oid
Top