15:46 / 15.08.2017
82486

Olti yil falajlikda: farg‘onalik ona qismati aslida qanday bo‘lgan edi?

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan, 6 yildan buyon falaj holda tug‘uruqxonada saqlanayotgan Nargiza Ubaydullayeva haqidagi xabar ko‘pchilikni hayratga soldi. Kun.uz tahririyati mazkur holat bilan yaqindan tanishish, bo‘lib o‘tgan voqeani asl holati bo‘yicha izohlash maqsadida Farg‘ona shahar Bursa ko‘chasida istiqomat qiluvchi Habibaxon aya Usmonova xonadoniga tashrif buyurdi. Farzandining unsiz, qilt etmay yotishidan yurak bag‘ri tilka pora bo‘lgan ayol bizga dilidagi bor gaplarni gapirib berdi.

- 2011 yil 27 noyabr kuni qizim biznikiga mehmonga keldi. O‘shanda u menga qorni og‘riyotganligini, tug‘uruqxonaga u bilan qo‘shilib borishimni aytdi. Tez yordam chaqirishimga unamadi. Birgalikda Kergilidagi shifoxonaga bordik. U yerga kirib borganimizda soat kechki olti yarim bo‘lib qolgandi. Shifoxonaga kirganimizda shanba kuni bo‘lgani uchunmi u yerda hech kim ko‘rinmadi. Men kutish zalida qoldim, qizim ko‘ringani shifokor huzuriga kirib ketdi.

Oradan ma'lum bir vaqt o‘tib, ortidan bordim. Qabulxonada u mung‘ayib o‘tirardi, tepasida esa qo‘llarini cho‘ntagiga solib olgan shifokor va hamshira turishardi. Qizim manga kesarcha usulda ko‘zi yorishini maslahat soldi. Men bunga rozi bo‘lmadim. Shunda haligi shifokor jahl bilan xonadan chiqib ketdi. Qizimni tinchlantirib, yana kutish zaliga chiqdim. U yerda 15 daqiqalar o‘tirgach, bir kishi chiqib, “Ubaydullayevaga kim kelgan?”, deb so‘rab qoldi. O‘zimni tanishtirdim. “Biz qizingizni olib kirib ketyapmiz”, dedi-yu o‘girilib ketdi. Voqealar bunday tez rivoj olganiga shoshib qoldim. 

Bundan keyingi voqealar rivoji ham keskin tus oladi. Na onaning va na bolaning roziligisiz bemorni jarrohlik stoliga olishadi. Ammo nimadir bo‘ladi-yu, Nargizaning yurak urushi to‘xtab qoladi. O‘shanda shifokor va hamshiralarning o‘z ishiga sovuq munosabatda bo‘lishi, ilmsizligi va sansolarligi (Habiba Ubaydullayeva izohi) oqibatida bemorning salomatligiga jiddiy putur yetadi. Ushbu holat yuzasidan jinoiy ish ochiladi va mas'uliyatsiz shifokorlar jazoga tortiladi.

Kun.uz jamoasi Nargiza Ubaydullayeva olti yildan buyon falaj holatda yotgan Farg‘ona shahar tibbiyot birlashmasi tug‘uruq kompleksi anesteziologiya-reanimatologiya bo‘limiga yo‘l oldi. Bo‘lim boshlig‘i Alisher Azizov bizga quyidagilarni gapirib berdi. 

- Nargiza Ubaydullayeva 2011 yilning 27 noyabr kuni og‘riq bilan tug‘uruqxonaga kelgan. Unga bachadon chandig‘i nosozligi tashxisi qo‘yilgan. Bu o‘z vaqtida operatsiya qilishni talab etardi. Bemor bizga kechki 6:25 da kelgan bo‘lsa, undagi og‘riqlar 4 soat ilgari boshlangan. Qolaversa, bemorning qon gemoglobini ham juda past bo‘lgan. Uzoq vaqt og‘riq bo‘lgani uchun bachadon cho‘zilib turgan va homila olingach, qog‘onoq oldi suvlari magistral qon tomirlariga tiqilib qolishi natijasida bemorning yurak urishi to‘xtagan. Uni yurgazishga muvaffaq bo‘lingan, ammo 25-30 daqiqadan so‘ng yurak yana to‘xtab qolgan. Ikkinchi marta ham yuragini yurgazishga muvaffaq bo‘lingan. Shundan so‘ng bemor sun'iy nafas olish apparatiga ulanib, reanimatsiya bo‘limiga olib o‘tilgan.

Nargiza Ubaydullayevaning onasi Habiba ayaning aytishicha, qizi dunyoga keltirgan farzand yetti oy tug‘uruqxonada davolangan. Bu orada kuyovi janjal chiqarib, oilasi bilan ajrashgan. 

Taqdiri azal, degan muqaddas tushuncha bor. Biz bugun bu voqealarga kim aybdorligini qidirishdan foyda ko‘rmayapmiz. Tan olib aytish kerakki endi kech. Donolarimiz “Noumid shayton”, deb bejiz aytishmagan. Allohning rahmatidan, u beradigan shifodan umid qilishdan o‘zga chora yo‘q. Maqsadimiz oq xalat kiyib, shifokorman deb yurganlarga bu voqea juda katta o‘rnak bo‘lsin.

Top