21:56 / 15.08.2017
11712

Partiya gazetasi Prezident tanqididan keyin: auditoriya fikri o‘rganilmoqda

Tadbirkorlar manfaatini himoya qilishni o‘z oldiga maqsad qilgan siyosiy partiyaning markaziy nashri aslida qanday bo‘lishi kerak? Ishbilarmon yoki fermer o‘z partiyasining gazetasida qanday maqolalar o‘qishni istaydi? Aholi siyosiy nashrdan nimalar kutmoqda? Partiya nashri bu kabi talablarga o‘z vaqtida va xolis javob berish uchun o‘z faoliyatida qanday o‘zgarishlarni amalga oshirishi kerak? 
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi shu va boshqa dolzarb masalalarga yechim topish maqsadida “Partiya gazetasi tadbirkorlar nigohida” mavzuida amaliy muloqot tashkil etdi. Davra suhbatida tadbirkor va fermerlar, matbaa sohasi mutaxassislari hamda “XXI asr” ijtimoiy-siyosiy gazetasi tahririyati xodimlari qatnashdi.
Unda asosiy e'tibor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12 iyuldagi parlament palatalari, siyosiy partiyalar va O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvi chog‘ida siyosiy partiyalar nashrlari haqida bildirgan tanqidiy-tahliliy fikr-mulohazalaridan kelib chiquvchi ustuvor vazifalarga qaratildi. 
Har bir gazetaning muvaffaqiyati o‘z auditoriyasi tomonidan qanday qabul qilinayotganligi bilan belgilanadi. Demak, gazeta aynan o‘z o‘quvchisini o‘ylantirayotgan masalalarga javob topib bersagina ularning e'tiboriga sazovor bo‘ladi. 
Shu ma'noda partiya tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbir O‘zLiDePning asosiy elektorati hisoblangan tadbirkorlar va fermerlar uchun partiya gazetasi faoliyati yuzasidan ochiq mulohaza yuritish imkonini berdi. Unda gazeta faoliyatini tubdan takomillashtirish, uni yanada mazmunli va o‘qishli qilish uchun qator amaliy takliflar bildirildi. 

Xumoyunxon Burxonxo‘jayev, Toshkent shahridagi “Best Business Comunications” MChJ rahbari, O‘zLiDeP faoli: 

– Bugungi kunda yurtimizda ishbilarmon va fermerlar, tabdirkorlik sub'yektlari faoliyatini yorituvchi gazeta hamda jurnallar soni anchagina.  Ammo, men O‘zLiDeP a'zosi – tadbirkor, qolaversa oddiy bir o‘quvchi sifatida partiyamizning ijtimoiy-siyosiy nashridan o‘zimni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha ko‘proq yangilik kutaman. Bugungi kunda gazeta aksariyat hollarda rasmiy xabarlar berish bilan cheklanib qolmoqda. Hozirgi shiddat bilan kechayotgan globallashuv davrida bunday xabarlarni televideniye, radio va internet orqali ham kuzatib, eshitib borish imkoniyati mavjud, albatta. Fikrimcha, rasmiy xabarlardan biroz chekinib, uning o‘rniga Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlarni himoya qilish borasida chiqarilayotgan yangi farmon va qarorlarning mazmun-mohiyatini kengroq ochib berishga qaratilgan tahliliy materiallar berib borilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Deputat va senatorlarimiz tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qanday amaliy ishlarni qila oldi, yoki joylardagi deputatlik korpusi vakillari partiya elektorati muammolarini hal etish va ularning yechimi bo‘yicha qanday zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishmoqda? Mana shu mazmundagi materiallarga ko‘proq urg‘u berilsa, ayni muddao bo‘lar edi. Yana bir gap. Biz tadbirkorlar partiyamiz tomonidan uyushtirilayotgan ochiq muloqotlarda ko‘plab muammolarimizni aytayapmiz, ammo ularning aksariyati gazeta sahifalarida o‘z aksini topmayapti. O‘ylaymizki, aynan mana shu masalalarni yoritishga ko‘proq urg‘u berilsa, muammolarni hal etish bo‘yicha mas'ul bo‘lgan tegishli tashkilot vakillari ham hushyor tortishadi. Tabiiyki bu jarayonda tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar ham o‘z vaqtida yechim topadi. Shundagina matbuotning kuchi yaqqol seziladi, gazeta o‘quvchilari ham ko‘payib boradi, mazmunan boyiydi. Bugun biz partiyamiz gazetasining mana shunday gazetaga aylanishini istaymiz. 

Ishtirokchilar muloqot mobaynida “XXI asr” ijtimoiy-siyosiy gazetasi mazmun-mundarijasini tahliliy-tanqidiy ruhda qayta ko‘rib chiqib, bu borada o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar. Xususan, gazeta sahifalarini tadbirkor uchun qiziqarliroq qilish, ommabopligiga erishish, elektorat muammolarini bartaraf etishda matbuot kuchi orqali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga ko‘maklashish, parlamentda partiyalararo raqobatni ifodalovchi, fraksiya qat'iy nuqtai nazarini aks ettiruvchi maqolalar chop etish singari takliflar bildirildi. 
Qizg‘in muhokamalarga boy bo‘lgan davra suhbatida ishtirokchilar talab-takliflari asosida gazetada muntazam va yangi – “Deputat muammo qo‘yadi”, “O‘zLiDeP deputatlari ijtimoiy tarmoqda”, “Vakilingiz kim?”, “O‘zLiDeP tashabbusi”, “Bizning namunali  deputatlarimiz”, “Muloqotda muammo hal bo‘ladimi?”, “Quyi bo‘g‘inlarda nima gap?” kabi ruknlar yanada boyitilib, tahririyat ijodkorlariga tavsiya etildi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati
 

Mavzuga oid
Top