21:24 / 15.08.2017
6401

Samarqand viloyat IIB: avgust oyida ro‘y bergan hodisalar sonida o‘tgan yilga nisbatan kamayish kuzatilgan

2017 yil avgust oyining o‘tgan 15 kuni mobaynida Samarqand viloyatda sodir bo‘lgan voqea va hodisa hamda jinoyatlar soni 218 tani tashkil etgan. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 71 taga kam, deya KUN.UZ’ga ma'lumot berdi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i, mayor A.Irgashev.

218 raqamining 60–70 foizini aynan turli baxtsiz voqea va hodisalar: daraxt yoki balandlikdan yiqilish, bexosdan zaxarli suyuqlik, sirkani istemol qilish, kuchli elektr kuchlanish qutisini ta'mirlashda ehtiyotsizlik tufayli tan jarohati olish kabilar tashkil etadi. Afsuski, bularning ichida insonlarning hayotdan bevaqt ko‘z yumishiga sabab bo‘lganlari ham bor. 

Shu davr ichida 34 ta firibgarlik (2016 yilda — 39), bitta tovlamachilik, bitta bezorilik, 40 ta o‘g‘irlik (2016 yilda — 24), shundan 17 tasi xonadon, 6 tasi chorva mollarini va 3 tasi transport vositalarini o‘g‘irlash tashkil etdi. O‘lim bilan bog‘liq 15 ta yo‘l-transport hodisasi (2016 yilda — 12), iqtisodiy sohaga oid 3 ta (2016 yilda — 17) jinoyatlar sodir etilgan.

74 ta hodisa, jumladan, 29 ta yo‘l-transport hodisasi yuz berib, 31 kishi turli darajada tan jarohati olgan bo‘lsa, 21 kishi olingan jarohatlar tufayli halok bo‘lgan.

Avgust oyining o‘tgan qismida sodir etilgan jinoyatlar va hodisalarning ayrimlari bilan tanishsak.

O‘g‘irlik mahalla faollari yordamida ochildi

14 avgust kuni Samarqand tumani ichki ishlar bo‘limiga tumanning «Gulobod» mahallasida yashovchi fuqaro 1957 yil tug‘ilgan I.I. ariza bilan murojaat qilib, unda 13 avgust kuni soat 23:20 larda «Gulobod» mahallasi hududidagi ko‘p qavatli uy yonida turgan «Neksiya» rusumli avtomobilini qo‘shnilardan biri eshigini ochishga uringanini, ocholmagach, boshqa qo‘shnining yengil avtomomobilini ochib, o‘g‘irlik sodir etishga uringanida ushlashganini xabar qiladi.

Mazkur holat yuzasidan gumondorlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda. 

Undan 10 daqiqa o‘tgach, shu mahallaning yana bir fuqarosi gumonlanuvchi boshqa bir «Neksiya» rusumidagi avtomobil eshigini g‘ayriqonuniy ravishda ochib, o‘g‘irlikka uringanida ushlashganini ma'lum qilgan. Savol tug‘iladi: mahalla ahli faollik ko‘rsatib, o‘g‘rini ushlashgani yaxshi lekin nega bundan ichki ishlar idoralarini o‘z vaqtida voqif etib, jinoyatchini topshirishmadi?

Tezkor surishtiruv ishlari davom etmoqda

Shu kuni Bulung‘ur tumani ichki ishlar bo‘limiga «Bulung‘ur» mahallasi F.Yo‘ldosh ko‘chasi xonadonlaridan birida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan I.R ariza bilan murojaat etib, 13 avgustga o‘tar kechasi noma'lum shaxslar G‘afur G‘ulom ko‘chasida joylashgan, unga tegishli bo‘lgan, hozirda xech kim yashamayotgan xonadonning ko‘cha tomondagi deraza romi oynasini olib, mehmonxonadagi sandiq ichidan 10 dan ortiq parfyumer mahsuloti va ro‘zg‘or elektr buyumlarini o‘g‘irlab ketganligini ma'lum qilgan. 

Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi, 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqea joyi «Lord» laqamli xizmat iti bilan ko‘zdan kechirilib, 3 ta barmoq izi olingan.

Pastdarg‘om tumanining «Tinchlik» mahallasi yashovchi yana bir fuqaro, hozirda Moskvada ishlab yurgan kelini M.G‘.ning «Gulyakandoz» mahallasi Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan uyidan xabar olishga borganda, uy eshigi qulfi noma'lum shaxslar tomonidan buzilib, 1 dona televizor tyuneri, ayiq va yo‘lbars uyinchoqlari, 1 dona «Nokia» rusumidagi telefon apparati, «Samsung» rusumidagi planshet, 1 dona ayollar tilla ziragi jami 1.600.000 so‘mlik mol-mulk o‘g‘irlab ketilganligini ma'lum qilgan. Voqea joyidan ekspert-kriminalistlar tomonidan 4 ta barmoq izi olingan. 
 
Samarqand shahar 5-sonli ShMBga Spirin ko‘chasidagi ko‘p qavatli xonadonlarning birida yashovchi, vaqtincha ishsiz, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro S.U. murojaat etib, 11 avgust kuni soat 09.00 dan 17.00 gacha bo‘lgan vaqt ichida uning uy yo‘lagida qarovsiz qoldirgan «Desna» markali velosipedini o‘g‘irlab ketilganligini ma'lum qildi. Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida bu o‘g‘irlikni sodir etishda gumonlanayotgan Bog‘dod ko‘chasida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan V.V. ushlanib, undan daliliy ashyo olingan va aybdor qilmishiga iqror bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 
Taqiqlangan ekinlarni yetishtirishga chek quyildi

Viloyatda o‘tkazilayotgan «Qoradori–2017» keng qamrovli tadbirlari doirasida 14 avgust kuni jinoyat-qidiruv xizmati tezkor xodimlari tomonidan Samarqand shahrining Istiqbol ko‘chasida yashovchi, vaqtincha ishsiz, 1959 yil tug‘ilgan K.Z. xonadonining tomorqasi ko‘zdan kechirilganda, ekib parvarish qilinayotgan 2 tup «kannabis» giyohvandlik o‘simligi hujjatlashtirilib olingan. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 170-moddasi 1-qismi bilan gumondorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Baxtsiz hodisa

14 avgust kuni Samarqand tumanining «Buxoriy» mahallasi xonadonlarining orqasida chiqindilarni yoqib yuborish uchun olov yoqiladi. Kuchli alanga 1943 yilda tug‘ilgan Shodi bobo Abdullayev molxonasida bo‘lgan somonlarga o‘tib, yong‘in kuchayganda mulk egasi og‘ilidagi 5 bosh qoramolni qutqarish chog‘ida kuyish tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialiga olib kelinadi. Baxtsiz hodisa tufayli molxonaning 80 kv.m. tunukali tomi va xonadonning 20 kv.m tomi yong‘indan zararlanib, 5 bosh qoramol nobud bo‘ldi. Achinarlisi, 74 yoshli Sh.Abdullayev tibbiy muolajalarga qaramay, shifoxonada vafot etdi. 

Mavzuga oid
Top