13:23 / 16.08.2017
8016

Toshkent aeroportida yil boshidan buyon salkam 20 kg tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi

Foto: Kun.uz

Amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona chegaralarini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslar o‘zlari bilan olib o‘tayotgan har qanday ko‘rinishdagi va holatdagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarning miqdori haqida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovlari paytida ma'lum qilishlari shart. Afsuski, mazkur talablarga rioya qilmay tilla va zargarlik buyumlarini yashirin yo‘llar bilan olib kirishga urinishlar ham ko‘zga tashlanmoqda, deb xabar berdi Kun.uz’ga “Toshkent-Aero” IBK axborot xizmati.

Yaqinda “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari mazkur tartiblarni buzishga uringan shaxslarni fosh qilishdi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Bokudan uchib kelgan fuqaro G.Kazakova bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning qing‘ir qilmishi fosh etildi. Bu ayol bojxonachilarni chalg‘itishga urinib, 5 juft zirak, 3 dona uzuk va boshqa zargarlik buyumlarini bagajidagi kiyimlarning ichki astariga qadab qo‘ygancha olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi. Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilinmagan ushbu tilla taqinchoqlarning umumiy og‘irligi 52 gr.ni tashkil qildi.

“Istanbul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan fuqaro X.Jamalitdinovaning bezovtalanishi bojxonachilarda bejizga shubha uyg‘otmagan ekan. Xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, ushbu ayol jinsiy a'zosiga 107 gr. og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini yashirgani aniqlandi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ta'kidlash joizki, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshka idoralar vakillari bilan hamkorlikda 2017 yilning o‘tgan 7 oyi davomida aniqlangan 89 ta bojxona koidabuzarliklari natijasida qiymati 1,3 mlrd. so‘mdan ortiq salkam 20 kg. og‘irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi xududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig‘i solinmasdan olib kirishning ruxsat etilgan me'yorlariga muvofiq umumiy og‘irligi 30 grammdan ortiq bo‘lmagan qimmatbaho toshlar va qimmatbaho metalldan tayyorlangan 5 donagacha zargarlik buyumlarini olib kirishga ruxsat etiladi.

Mavzuga oid
Top