22:35 / 16.08.2017
13061

Trampning birgina tviti Amazon’ning deyarli 6 mlrd dollar yo‘qotishiga sabab bo‘ldi

Amazon internet-riteylerining kapitallashuvi AQSh prezidenti Donald Tramp uni “riteylerga yetkazayotgan ziyoni uchun” tanqid qilgandan keyin ikki soat ichida 5,7 mlrd dollarga kamayib ketdi. Bu haqda Independent nashri xabar bermoqda.  

Tramp “Amazon soliq to‘lovchi riteylerlarga katta ziyon yetkazadi. AQSh shaharlari va shtatlari bundan aziyat chekadi, ko‘plab ish o‘rinlari yo‘qotiladi!” deb yozgan. Avvalroq ham Tramp Jyeff Bezosga tegishli Amazon va Washington Post nashrini tanqid qilgandi.

2015 yil dekabrda Tramp Bezosni Amazon’ga solinadigan soliq yukini kamaytirishda Washington Post’dan foydalanishda ayblagandi. Tramp tvitterdagi akkauntini turli kompaniyalarga hujum qilishda qo‘llab keladi. Bu esa ko‘pincha ushbu kompaniyalar kapitallashuvining kamayishiga olib kelgan.

Ko‘plab iqtisodiyotchilarning fikricha, Amazon haqiqatan ham chakana savdoga vayronkor ta'sir ko‘rsatadi, chunki internet-gigant do‘konlar ijarasi va sotuvchilarga maoshlar uchun mablag‘lar sarflamaydi. Bundan tashqari, Amazon avval ko‘plab shtatlardagi savdosidan soliq to‘lamagan, chunki ularning hududida ombor va do‘qonlariga ega bo‘lmagan. Biroq ayni vaqtda kompaniyaning o‘sishi uning 50 ta shtatdan 45 tasida soliq to‘lashiga olib kelgan. 

2017 yil yanvarda Tramp Toyota kompaniyasiga Meksikada zavod qurmoqchiligi uchun boj to‘lovlari solish bilan tahdid qilgandan keyin yapon kompaniyasining aksiyalari bir necha daqiqa ichida arzonlashib ketgandi. Trampning bu tviti avtogigantga 1,2 mlrd dollarga aylangan.

Hali prezident lavozimiga kirishmagan Tramp 2016 yil dekabrda F-35 qiruvchi samolyotini yaratish dasturi juda qimmatligini aytib, AQShning eng yirik mudofaa kompaniyasi Lockheed Martinֹ’ning kapitalashuvini 3,5 mlrd dollarga kamaytirib yuborgandi.

Mavzuga oid
Top