-  Kim bu? 

-  Uzr, adashibman, shekilli...

Chamangul (ism-familiyalar o'zgartirilgan) begona yigit bilan ortiqcha gaplashishni istamay, telefonni o'chirdi. Ko'p o'tmay telefon yana jiringladi. Qarasa, yana o'sha raqam, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

-  Eshitaman...

-  Kechirasiz, ismingizni bilsam bo'ladimi?

Chamangul yigitning surbetligidan jahli chiqdi.

-  Ismimni nima qilasiz, sizni tanimasam, - deya yigit jyerkib berdi.

-  Notanish bo'lsak, endi tanishamiz-da, yaxshi qiz. Namuncha qo'pollik qilmasangiz. Chiroyli ovozingiz bor ekan, shu bois siz bilan tanishgim keldi.

Yigit uzoq gapirdi. Xushomadlar qilib, qizning yuragiga cho'g' tashladi. Chamangulning avvaliga jahli chiqqan bo'lsa, keyin yigitning so'zlariga mahliyo bo'la boshladi. Gap orasida ismini ham aytib yuborganini sezmay qoldi.

-  Mening ismim Dilshod. Sizga telefon qilib tursam bo'ladimi?

Dilshod qizning jim qolganini rozilik alomatiga yo'ydi.

Telefon orqali uzundan-uzun suhbatlar boshlandi. Yigitning chiroyli so'zlari, sevgi izhorlari qizning oromini butkul o'g'irladi. 

-  Bir uchrashmaymizmi? 

-  Bilmadim, uydagilar bilib qolsa, gap eshitaman.

-  Qo'rqmang, hech kim ko'rmaydigan, hech kim bilmaydigan joyda uchrashamiz, - dedi Dilshod qizning yo'q deya olmasligini sezib. Qishloq joyda qiz bola bilan uchrashish mushkul ish ekanligini, biror kishi ko'rib qolsa, ortiqcha g'alva chiqishi mumkinligini yigit yaxshi bilardi. Shu bois qizni Qarshi shahriga taklif qildi.

Birinchi uchrashuv ikkisiga ham ma`qul bo'ldi. Shahar aylanib bo'lishgach, Dilshod qizni o'rtog'ining ijaradagi uyiga boshlab bordi.

-  Bu yerda nima qilamiz, Dilshod aka?

Qiz uyga kirarkan, xavotirlanib xonalarga nazar tashladi. Dilshod esa javob berish o'rniga uni mahkam bag'riga bosdi.

Keyingi uchrashuvda Dilshod qizni yana o'sha xonadonga boshladi. Chamangul yigitning va`dasida turishiga qattiq ishongandi. Ammo...

Qalbida muhabbat bor bo'lgan odam hech qachon birovga yomonlik qilmaydi, tubanlikka yuz tutmaydi. Biroq Dilshodning ko'nglida... Chamangul esa uning sevgi-muhabbat haqidagi havoyi gaplariga laqqa ishondi. Qanday qilib uning uylanish, baxtli oila haqidagi uydirmalariga uchib, nomusidan ayrilganini bilmay qoldi.

-  Dilshod aka, endi nima bo'ladi? – Qiz haligina yo'l qo'ygan katta xatosining oqibatini o'ylab, yig'lay boshladi. – Ota-onamning yuziga qanday qarayman?

-  Xavotirlanma, tez kunda sovchi yuboraman. Bu ishni hech kim bilmay qoladi.

Bu gapdan so'ng qizning xavotiri biroz tarqagandek bo'ldi.

Keyingi uchrashuvlarda ikkisi ham o'zini ancha erkin tutdi. Xilvatlarda oylarni o'tkazishdi. Har gal uylanish haqida gap ochilganida Dilshod gapni boshqa yoqqa burib, uni chalg'itishga urinardi. Yashirin uchrashuvlar “mevasi”ni berganda yigit tipirchilab qoldi.

-  Qanaqasiga homilador bo'lasan? Aqling joyidami seni? – Dilshod Chamangulni siquvga oldi. Keyin bunga aniqlik kiritish uchun qizni shifoxonaga olib bordi.

-  Tabriklayman, yaqinda ota bo'lasiz.

Shifokor homila 18-19 haftalik bo'lganini aytganida Dilshodning peshonasini sovuq ter bosdi. Nogoh miyasiga yovuz fikr keldi: agar boladan qutulmasa, qizdan ham osonlikcha qutula olmaydi.

-  Menga qara, agar bolani oldirmasang, senga uylanmayman!

Har lahzani qo'rquv bilan o'tkazayotgan qiz Dilshodning bu talabidan so'ng gangib qoldi. Bir sharmandalik ikkinchisini yetaklab kelayotganini ich-ichidan sezib tursa-da, yigitning talabiga yo'q, deya olmadi.

Homilani oldirish maqsadida Dilshod Chamangulni yetaklab bir nechta shifokorga uchrashdi. Biroq homila katta bo'lib qolgani uchun har safar rad javobini oldi. Keyin esa tanish-bilishlari orqali bu ishni qila oladigan shifokorni surishtira boshladi.

-  Shifokor topdim, - dedi Dilshod bir kuni. – Tayyor tur, ertaga Samarqandga boramiz. O'sha yerda bolani oldirasan.

Ertasi kuni ular Samarqand viloyatining Oqdaryo tumaniga borishdi. Dilshod Chamangulni Feruza ismli ayolning uyida qoldirib, o'zi tanishlarining oldiga ketdi.

Feruza ishining “ustasi” edi. Chamangulga nima qilishi kerakligi tushuntirib, qo'liga bir nechta dori berdi. Qiz dorilarni icharkan, qornida paydo bo'layotgan og'riqdan hushini yo'qotayozdi. Tun bo'yi a`zoyi badani yonib, qora terga tushdi. Tong yorisha boshlaganda, og'riq biroz pasaygandek bo'lib, yuragi bo'shab qolganini sezdi.

Ertalab Dilshod kelganida barcha muammo hal etib bo'lingan edi. U Feruzaga xizmati uchun bir million so'm berib, qiz bilan ortiga qaytdi. Yo'l-yo'lakay zo'r tashvishdan qutulganini, endi u bilan orani ochiq qilish mumkinligini o'ylab keldi.

Chamangul Dilshodning sovchilarini uzoq kutdi. Sovchilar tugul, avvallari kunda o'n bor qo'ng'iroq qiladigan yigitdan haftalar o'tsa ham darak bo'lmadi. Chamangul bu ahvolda boshqa bir yigitga tega olmasligini o'ylab, ezilgandan ezilardi. Bora-bora aldanganini, Dilshod unga hech qachon uylanmasligini bilib, bo'lib o'tgan voqealar xususida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi.

Jinoyat ishlari bo'yicha Qarshi shahar sudi tomonidan mazkur ish atroflicha ko'rib chiqilib, Dilshod Hotamovga eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shu bilan birga sud uning hisobidan Chamangul Keldiyeva foydasiga 3 million 500 ming so'm miqdorida ma`naviy zarar undirish to'g'risida hukm chiqardi.

O'tkinchi his-tuyg'ular bir qizning baxtini, kelajagini barbod qildi. Vaholanki, u bunday ko'yga tushmasligi ham mumkin edi...