14:49 / 20.08.2017
7836

Taraqqiyot hamisha oldinda, ortda emas!

Har bir narsada hikmat bor. Shuhrat Rizayevning Prezidentimizga yozgan maktubi bahonasida yillar davomida ortga surilib, loqaydligimiz sabab uzil-kesil yechimini topmay kelayotgan muammo yuzaga qalqib chiqdi. 

Avvalo, «kirill alifbosi — birinchi, lotin yozuvi — ikkinchi» tarzidagi taklifning o‘zi kulgili. O‘zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilinganiga 24 yil to‘ldi. Bu yillar davomida tulki-yu olmaxonlarni ham lotin yozuvida o‘qish va yozishga o‘rgatib yuborsa bo‘lardi. Biz esa hamon u yeri unday, bu yeri bunday, deb chaynalib yotibmiz. 

Darvoqe, ayrim e'tiroz bildirilayotgan o‘rinlarga tuxtalib o‘tmokchiman. Lotin alifbosini tayyorlashda juda iqtidorli olim va yozuvchilar jon kuydirib ishlashgan edi. Ular til va yozuvning ko‘p jihatlarini e'tiborga olishga harakat qilganlar. Masalan, «sh», «ch», «ng» harfiy birikmalari qiyinchilik tug‘dirarmish. 

Hoy millatdoshlarim, har bir so‘zi alohida iyeroglif bilan yoziladigan xitoy, yapon yozuvlari, har bir harfi 4 xil shaklda yoziladigan arab yozuvidan foydalanuvchilarga to‘zim bersin. Qiziq, ular ham bizga o‘xshab noliyverarmikinlar?! 

«Sh» harfiy birikmasidagi «c» alifboda yo‘q-ku, nega undan foydalanamiz, degan e'tirozni ham uchratib qolamiz. «S»ga yaqin bo‘lgani uchun «s»ni olishgan-ku. O‘zbek alifbosida bo‘lmasa ham asl lotin alifbosida bor-ku bu harf? Lotin alifbosi asosidagi o‘zbek yozuvi, deb bekorga aytilmagandir.

Yana bir e'tiroz «x» va «h» harflari borasida. Arab alifbosida bir necha xil talaffuz qilinadigan «z», «s», «t» tovushlari bor, lekin ular har birini qunt bilan o‘rganishadi va bunga qat'iy rioya qilishadi. Biz nega shu birgina farqni qabul qilmaymiz. Tilning tovush xususiyati degan narsa bor, axir. «Xato», «xo‘roz» so‘zlari bilan «halim», «hikoya» kabi so‘zlarni ovozingizni chiqarib talaffuz qilib ko‘ring, farqini bilasiz.

Kirill alifbosidagi boy manbadan mahrum bo‘lamiz, deb jar solayotganlarga ham ayrim e'tirozlarim bor. Birinchidan, bu manbaning katta bir kismi mafkuraviy nuqtai nazardan chiqitga chiqib bo‘lgan.

Ikkinchidan, texnika soat sayin rivojlanayotgan asrimizda kompyuterda kirilldagi matnni lotin yozuviga bir lahzada o‘girib beradigan dasturlar allaqachon yaratilgan. 

Uchinchidan, maktabda 2-sinfdan boshlab, sinf o‘quvchilarini ikki alohida kichik guruhlarga bo‘lib (ya'ni materialni oson o‘zlashtirsin, degan maqsadda) rus tili darslari o‘tiladi. Demoqchimanki, bolalarimiz lotin yozuvi bilan birga kirill alifbosini ham mukammal o‘rganish imkoniyatiga ega. Yuqori sinflarda o‘zbek kirill alifbosidagi farqlar (o‘, q, g‘, h kabi)ni o‘rgatish uchun 30–40 soatlik fakultativ darslar kiritilsa kifoya. 

To‘rtinchidan, keyingi yillarda nashriyot-matbaa ishlari ancha rivojlanib ketdi. O‘sha kirillcha imlodagi boy manbaning asosiy qismi, hatto arab yozuvidagi ajoyib manbalarning bir qismi ham lotin yozuvida chop etib bo‘lindi. 

Shu o‘rinda mutasaddi rahbarlarimiz e'tiborini yana bir fikrga qaratmokchiman. Birinchi sinfda «Alifbe» kitobini o‘quv yilining birinchi yarmidayoq yumaloq-yostiq kilib o‘zlashtirmay, yil davomida bolaga asta-sekinlik bilan o‘rgatish kerak. Bu juda-juda muhim, savodsizlikning tomir otish sababini shu nuqtadan izlash kerak. Umuman, 1-sinfdan 4-sinfgacha asosan, savodxonlik mashqlari bajarilishi kerak. Demak, xalqimiz taraqqiyot yo‘lini tanlagan ekan, bu yo‘lda faqat oldinga intilganimiz ma'qul. 

Ma'rifat Qosimova, 
filologiya fanlari nomzodi.

Top