15:22 / 21.08.2017
10369

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida birinchi marta Harbiy hamkorlik rejasi imzolandi

Qozog‘iston Respublikasi (QR) mudofaa vaziri general-polkovnik Saken Jasuzakov rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. QR mudofaa vaziri Toshkent shahrida O‘zbekiston mudofaa vaziri general-polkovnik Qobul Berdiyev bilan uchrashdi. Bu haqida Qozog‘iston Mudofaa vazirligining saytida xabar berildi. 

Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, shuningdek mudofaa sohasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdi. 

Ikki tomonlama uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Harbiy hamkorlik rejasini imzolashdi, u harbiylarning hamkorlikdagi operativ va jangovor tayyorgarligi hamda harbiy ta'lim sohasiga doir chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiy idoralarining ikki tomonlama munosabatlar tarixida birinchi marta shunday hujjat imzolanishi. 

Tashrif doirasida QR mudofaa vaziri O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan. Prezident ikki tomonning qurolli kuchlari o‘rtasidagi hamkorlikdan mamnuniyatini izhor etib, mintaqadagi xavfsizlik yo‘lida mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ta'kidlagan. 

O‘z navbatida, S.Jasuzakov O‘zbekiston Prezidentiga qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning eng yaxshi tilaklarini yetkazgan. Mudofaa vaziri bundan keyin ham harbiy va harbiy-texnik sohalarda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini qayd etgan. 

Qozog‘iston delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi HKning Qo‘qon shahridagi harbiy qismlaridan biriga tashrif tashkillashtirilgan. 

Ikki kunlik tashrif yakunida Qozog‘iston mudofaa vaziri Saken Jasuzakov O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Samarqand shahridagi qabrini ziyorat qildi. 

Top