13:10 / 22.08.2017
26755

FVV “Toshkent–O‘sh” avtomobil yo‘lidagi jiddiy YTH haqida rasmiy ma'lumot berdi

Foto: Facebook/DRIVERS.UZ

2017 yil 18 avgust kuni soat 22.00 larda “Qamchiq” qidiruv-qutqaruv otryadi navbatchi dispetcheri tomonidan olingan ma'lumotga asosan, A-373 “Toshkent–O‘sh” avtomobil yo‘lining “Toshkent-Vodiy” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan “CHAKMAN” rusumli yuk avtomashinasi qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketib, shu yo‘nalishda kelayotgan “Isuzu” rusumli yuk mashinasi, “Damas” rusumli yengil avtomobili va “Hyunday” rusumli avtosamasvali ishtirokida yo‘l transport hodisasini yuzaga keltirdi, deb xabar bermoqda FVV matbuot xizmati.

Mazkur holat o‘z o‘rnida avtotransportlar qatnovining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lgan.

Tezkor xabar olingach, “Qamchiq” qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari voqea joyiga yetib borishgan.

“Qamchiq” Maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasi qidiruv-qutqaruv otryadining qutqaruvchilar guruhi, YHX xodimlari va tez yordam shifokorlari, qolaversa, yo‘lovchilar tomonidan jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, ular Pop tumani markaziy shifoxonasiga jo‘natildi.

“Qamchiq” Maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasining qutqaruvchilari YXX xodimlari bilan hamkorlikda, ag‘darilgan “CHAKMAN” va “Isuzu” yuk avtomashinalarini maxsus avtotexnikalar yordamida tik holatga keltirib, “Sherobod” yo‘l-patrul maskanining jarima maydonchasiga evakuatsiya qilishdi.

"Tezkor olib borilgan tadbirlar natijasida, insonlar hayoti saqlanib qolindi, qolaversa, A-373 “Toshkent–O‘sh” avtomobil yo‘nalishidagi avtotransportlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi", - deyiladi FVV xabarida.

Top