21:01 / 23.08.2017
14330

Germaniya oltin zaxirasining katta qismini qaytarib oldi

Foto: AP

Germaniya xorijdagi omborlardan davlat oltin zaxirasining yarmidan ko‘pi – 1710 tonna oltinni muddatdan avval qaytarib oldi. Bu haqda 23 avgustda Germaniya markaziy banki – Bundesbank ma'lum qildi. 

Bundesbank rahbari Karl-Lyudvig Tilening aytishicha, nemis oltinining bir qismining xorijiy omborlardan qaytarilishi dasturi muddatdan avval yakunlandi.

Shu bilan birga, Germaniya oltin zaxirasining deyarli yarmi AQSh va Buyuk Britaniyada qolmoqda. Jumladan, Nyu-Yorkda 1236 tonna, Londonda 432 tonna nemis oltini bor. Germaniya oltin zaxirasining umumiy hajmi 3378 tonnani tashkil qiladi. 

Germaniya o‘z oltin zaxiralarini qaytarish dasturini 2013 yilda qabul qilgan. Germaniyaning oltin zaxirasi hajmi bo‘yicha AQShnikidan keyin dunyoda ikkinchi hisoblanadi. Germaniya oltinni 1951 yildan sotib olishni boshlagan va uni NATO bo‘yicha ittifoqdoshlari – Fransiya, AQSh va Buyuk Britaniya omborlarida saqlashni afzal ko‘rgan. Germaniya hukumati oltin zaxiralarini AQSh Federal zaxira tizimi bilan kelishuv holatiga garov sifatida qo‘llagan.

Mavzuga oid
Top