08:51 / 23.08.2017
5871

Pentagon rahbari Ukrainaga kelmoqda: qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Foto: AP

AQSh mudofaa vaziri Jyeyms Mettis chorshanba kuni Ukrainaga tashrifini boshlamoqda, uning davomida u Vashington Kiyev bilan strategik sheriklik tarafdori ekanini yana bir bora alohida ta'kidlab o‘tmoqchi.

Asosiy ish dasturi 24 avgust kuni boshlanadi va Ukraina mustaqilligi kuniga bag‘ishlanadi. Pentagon rahbari tashrif davomida prezident Pyotr Poroshenko hamda mudofaa vaziri Stepan Poltorak bilan muzokaralar o‘tkazadi. Shuningdek, u bayram sharafiga uyushtiriladigan paradda ham qatnashadi.

Strategik sheriklik

Mettis kecha xorijiy turneda o‘ziga hamrohlik qilayotgan jurnalistlar bilan muloqot qilar ekan, tashrif davomida Vashington Kiyevning demokratik sa'y-harakatlarini ma'qullashiga alohida e'tibor qaratib o‘tish niyatida ekanini aytdi. Amerikalik vazirning qayd etishicha, "demokratik va suveren davlatni qurish oson emas".

"Men biz strategik sheriklik tarafdori ekanimiz hamda suverenitet va hududiy yaxlitlikni qo‘llab-quvvatlashimizni ta'kidlab o‘tmoqchiman", - dedi amerikalik vazir. Uning tasdiqlashicha, AQSh Ukraina qurolli kuchlarini tayyorlash va jihozlashda yordam berishni davom ettiradi.

Mettis Ukrainadagi muammoni hal qilishda diplomatik uslublarga e'tibor qaratilishini eslatib o‘tdi hamda o‘zi bilan Kiyevga AQShning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kurt Volker kelishini ma'lum qildi.

"Men AQSh davlat kotibi Reks Tillersonning u yerda bizning NATO bo‘yicha ittifoqchilarimiz va Ukraina bilan Rossiyaga bosim o‘tkazish borasidagi hamkorligimiz bo‘yicha sa'y-harakatlarini ham qo‘llab-quvvatlayman. Bu Rossiya Minsk kelishuvlari doirasida o‘z majburiyatlarini bajarishi uchun kerak", - deya ta'kidlab o‘tdi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “o‘t ochishni darhol to‘xtatish, og‘ir qurol-yarog‘larni olib chiqib ketish va YeXHT kuzatuvchilarining kiritilishini” nazarda tutadi.

Pentagon matbuot xizmatidan bildirishlaricha, tashrifning maqsadi “AQSh Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini tiklash, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi mudofaa bo‘yicha strategik sheriklikni mustahkamlash tarafdori ekanini tasdiqlash”.

Birinchi uchrashuv emas

Mettis Amerika harbiy mahkamasiga 2006-2011 yillarda rahbarlik qilgan Robert Geytsdan so‘ng Ukrainaga tashrif buyurayotgan AQShning ilk mudofaa vaziri bo‘ladi. Biroq u Poroshenko bilan tanish. Xususan, har ikki siyosatchi Ukraina prezidenti Vashingtonga tashrif bilan kelganida Pentagonda uchrashgan.

O‘shanda ham amerikalik vazir “jahon tartibini qo‘llab-quvvatlab turuvchi” prinsiplarga rioya etish, hamda sheriklikni davom ettirish niyatida haqida gapirgandi. Poroshenko esa o‘zaro manfaatlar va ikki davlat o‘rtasida tajriba almashish muhimligini ta'kidlab o‘tgan.

Qurol yetkazib beriladimi?

Ushbu tashrif Amerikada Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berish borasidagi munozaralar oshib borayotgani fonida amalga oshadi. Xususan, senator Jon Makkeyn qurol yetkazib berishning faol tarafdorlaridan biri. U prezident Donald Trampni o‘ziga qonun bilan taqdim etilgan vakolatlardan foydalanish va “Ukrainaga mudofaa ko‘rinishidagi kuchli qurol-yarog‘larni o‘z hududini Rossiya va ayirmachilar tomonidan bo‘ladigan ehtimoliy qonunbuzarliklardan himoya qilish maqsadida yetkazib berishni” boshlashga chaqirgandi.

Mettis Kiyevga qanday signal bilan keladi

Amerikalik iste'fodagi polkovnik Erl Rasmussenning fikricha, Mettisning tashrifi muhim ahamiyat kasb etadi. "Aftidan, u umumiy vaziyatni, Ukraina harbiylari ehtiyojlari, AQShning qurol-yarog‘ yetkazib berishga nisbatan bo‘lgan pozitsiyasi va Ukraina harbiy strategiyasini muhokama qiladi", - degan ekspert RIA Novosti’ga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Mettis u yerga borib, vaziyatni joyida ko‘rishi yaxshi bo‘lardi”. "Eng qizig‘i, u Kiyevga sharqda fuqarolik urushini to‘xtatish va kelajakda AQSh hamda NATO tomonidan qo‘llab-quvvatlov masalasida qanday signalni olib kelishidadir", - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

Mavzuga oid
Top