19:29 / 23.08.2017
9196

Sayg‘oq va jayron shoxlarining noqonuniy olib chiqilishi to‘xtatib qolindi

O‘zbekiston faunasini oqquyruq, ya'ni sayg‘oq hamda jayronlarsiz tasavvur qilish qiyin. Mamlakatimiz noyob jonivor - sayg‘oqlar saqlanib qolgan dunyoning atigi beshta mamlakatidan biri hisoblanadi.

Sahro kengliklarida yashashga moslashgan bu jonivorlar tabiat injiqliklaridan emas, balki odamzodning hakalak otgan nafsi tufayli qirilib ketayotgani ayanchlidir. Ular nafaqat go‘shti, eng avvalo qimmatbaho shoxlari uchun brakonerlarning o‘ljasiga aylanmoqda. 

Xususan, Xitoy va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari tabobatida hozirga qadar keng qo‘llanilayotgani bois sayg‘oq shoxlari mo‘may daromad orttirish vositasiga aylanib ulgurgan. 

Yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari sayg‘oq va jayron shoxlarining noqonuniy olib chiqilishining oldini olishdi, deb xabar bermoqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi axborot xizmati.

“Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l-chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Toshkent-Volgograd” yo‘nalishi bo‘yicha hararkatlanayotgan yo‘lovchi poyezdi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, yo‘lovchilardan biri fuqaro J.To‘xtasinov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovlari paytida ma'lum qilinmagan 8 dona sayg‘oq va 4 dona jayron shoxlarini yashirin ravishda olib chiqishga uringani fosh etildi.

Shuningdek, ushbu poyezdning yana bir yo‘lovchisi S.Abduqodirov ham 7 dona sayg‘oq va 7 dona jayron shoxlarini bojxona nazoratidan chetlab o‘tib, olib chiqib ketayotgan paytda to‘xtatib qolindi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, ushbu qonunbuzarliklar ortidan tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 97 mln. so‘mdan oshgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Ashyoviy dalil tariqasidan olingan mazkur hayvon shoxlari esa Qoraqalpoq Davlat O‘lkashunoslik muzeyiga topshirildi.

Top