22:50 / 24.08.2017
40251

O‘FF xodimi jurnalistlarni «qishloqi» deb haqorat qildi

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi xalqaro bo‘limi xodimi Sherzod Igamberdiyev «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirgan postida o‘zbek futbol jurnalistlarini qishloqi, deb haqorat qildi.

Turkmaniston va Qatar terma jamoalari yopiq eshiklar ortida uchrashuv o‘tkazgani haqidagi xabardan iqtibos keltirar ekan, u shunday kinoya qilgan:

«Qatarlik nodon murabbiylar Turkmanistonga qarshi kechagi uchrashuvni yopiq eshiklar ortida o‘tkazishga qaror qilishibdi. Bizning mahalliy qishloqi «jurnalist»larimizdan farqli o‘laroq, ular futbolda baloni ham tushunmaydi», — deb post yozgan O‘FF xodimi.

Sh.Igamberdiyev avval ham futbol jurnalistlari FIFAdagi ma'lumotga tayanib, O‘zbekiston MTJ Tailandga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazilishi haqida xabar berganida, bu xabarni yolg‘on, tekshirilmagan, deya ularni professional emaslikda ayblab, ijtimoiy tarmoqda tortishgani bilan mashhur bo‘lgan edi. Alal-oqibatda O‘zbekiston aytilgan muddat — 6 iyun kuni Toshkentda Tailand bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgandi.

Post muallifining «jurnalist» so‘zining qo‘shtirnoqqa olishi u hamon futbol jurnalistlarimizni jurnalist emas, deb hisoblashidan darak berib turibdi. Lekin Toshkentda yashab, faoliyat ko‘rsatayotgan, umummilliy ahamiyatga ega tashkilotda ishlayotgan xodimning «qishloqi» so‘zini ishlatishi hech bir qolipga to‘g‘ri kelmasligi bor gap.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasida ertaga «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadigan uchrashuv yopiq eshiklar ortida bo‘lishi ma'lum bo‘lgach, bir qator futbol jurnalistlari bu muxlislar manfaatiga zid holat ekanligini ta'kidlab chiqishlar qilishgan edi. 

O‘FF rasmiy sayti uchrashuvning bunday maqomda o‘tkazilayotgani FIFA talablari asosida, rahbariyat qarori bilan amalga oshirganini ta'kidlab o‘tgan.

Top