10:36 / 24.08.2017
21145

Ulug‘bek Inoyatov: Bolalarni bog‘chalarga 3 yoshdan qabul qilish xalqaro tajriba

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2017 yil 19 iyuldagi 528-son qaroriga muvofiq, bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga qabul qilish yoshiga o‘zgartirish kiritilib, 3 yoshdan boshlab qabul qilinishi belgilandi. Bungacha bolalar 2 yoshdan 6 yoshgacha qabul qilinishlari mumkin edi. Shunga ko‘ra, ayol farzandini dunyoga keltirganidan so‘ng, 2 yil mobaynida haq to‘lanadigan ta'tilga chiqishi, keyin farzandini maktabgacha ta'lim muassasasiga berib, o‘zi ishlashi mumkin edi. Endilikda, bu yosh chegarasi bir yilga ko‘tarilmoqda. 

XPKning Xalq ta'limi vazirligi mutasaddilari bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasida vazir Ulug‘bek Inoyatov bu masalaga oydinlik kiritdi. 

"Biz hammamiz davlat barcha shart-sharoitlarni barpo qilib berishiga, ta'minotlarni o‘z zimmasiga olishiga o‘rganib qolganmiz. Biz bozor sharoitlarida yashayapmiz. Men o‘ylaymanki, oila farzandli bo‘lishidan avval, uni boqish, tarbiya qilishga ham ma'nan, ham moddiy jihatdan tayyor bo‘lishi kerak. Bolalarni 3 yoshdan maktabgacha ta'lim muassasalariga qabul qilish xalqaro tajribaga asoslanmoqda. Barcha rivojlangan mamlakatlarda bolalar bog‘chalarga 3 yoshdan qabul qilinadi", — dedi Xalq ta'limi vaziri.
 
Uning aytishicha, "3 yoshgacha bolalar ko‘p kasal bo‘lishadi, jamoat joylariga ko‘nikib ketishi qiyin kechadi. Bu yoshda bola ota-onasi yordamida uyida ta'lim tarbiya olsa yaxshiroq ijobiy natija beradi. To‘g‘ri tushuning, 2 yoshli bola uchun bog‘chaga borish juda erta. Bundan tashqari, bolalar bog‘chalarining vazifasi yosh go‘daklarga qarash emas, balki ularni tarbiyalash, ta'lim berish. Shuning uchun biz boshqa davlatlarning bu boradagi tajribasini o‘rganib, bolalarni 3 yoshdan qabul qilishga qaror qildik. Ya'ni, bog‘chaga boradigan bola o‘ziga-o‘zi xizmat qila oladigan bo‘lishi kerak. 2 yoshli bola mustaqil hojatxonaga borolmaydi, yuz-qo‘lini yuva olmaydi, ovqatlana olmaydi", — deb ta'kidladi Ulug‘bek Inoyatov.

Top