15:22 / 24.08.2017
5549

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida 150 mln dollarlik 42ta hujjat imzolandi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiyaning Hindistonga tashrifi doirasida 22 avgust kuni Dehli shahrida o‘tkazilgan biznes-forum yakunida umumiy hajmi 80 mln. AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 22ta shartnoma hamda umumiy hajmi 70 mln. AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 20ta investitsion bitim imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston TIV rasmiy sayti ma'lum qildi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov, Hindiston savdo va sanoat davlat vaziri Nirmala Sitharaman, «Hindiston-MDH» Savdo-sanoat palatasi faxriy prezidenti Rajan Madhu, O‘zbekiston va Hindistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari nutq so‘zlashdi.

Abdulaziz Kamilov forumning ochilishida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston uchun Hindiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmon doiralarimiz o‘rtasida yanada yaqin munosabatlarni o‘rnatish, respublikadagi ishlab chiqarish loyihalarida ishtirok etishga yangi hind kompaniyalarini jalb qilish muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlar o‘suvchan sur'atlarda rivojlanmoqda. So‘nggi 5 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2 barobardan ortiq ko‘paydi va 2016 yil yakunlariga ko‘ra 370 mln. AQSh dollarini, 2017 yil birinchi yarmida 166,5 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. O‘zbekistonda hind kapitali ishtirokidagi 101ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 15tasi 100 foiz chet el kapitali asosida ishlamoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston tashkilotlari va kompaniyalari Hindiston bozoriga eksport mahsulotlarining keng nomenklaturasini, jumladan paxta tolasi, qayta ishlangan kalava ip, yigirilgan ip va mato, mis va undan ishlangan buyumlar, kimyoviy mahsulotlar, mineral o‘g‘itlar, elektrotexnika va kabel-o‘tkazgich, meva-sabzavot va boshqa mahsulotlarni yetkazib berishga hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar spektrini kengaytirishga tayyor.

O‘z navbatida O‘zbekiston talab mavjud bo‘lgan tayyor sanoat mahsulotlarini, jumladan kimyoviy tovarlar, dori-darmon vositalari, tekstil va ko‘nchilik tarmoqlaridagi, informatsion texnologiyalar va telekommunikatsiyalar va boshqa sohalardagi loyihalarni ishlab chiqishni tashkil qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun Hindistonning yuqori texnologik kompaniyalarini jalb qilishdan manfaatdor.

Vazir Hindiston biznesi vakillariga O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanish sur'atlari haqida ma'lumot berdi.

Vazir forum ishtirokchilari diqqatini bugun O‘zbekistonda chet el investorlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganiga qaratdi: soliq imtiyozlari, ishlab chiqarish asbob-uskunalarini bojxona to‘lovlarisiz olib kirish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga investitsiya kiritgandagi boshqa yengilliklar. Bir necha yildan beri Navoiyda, Angrenda, Jizzaxda erkin iqtisodiy zonalar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Yaqinda Hazoraspda, Qo‘qonda, Urgutda va G‘ijduvonda yana to‘rtta shunday zonalar tashkil etildi. Bundan tashqari, Prezident farmoniga ko‘ra hozirda O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqishga ixtisoslashgan yettita EIZ faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘zbekiston TIV rahbari hindistonlik investorlarni mazkur erkin iqtisodiy zonalarda ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishda keng ishtirok etishga taklif etdi.

Top