00:17 / 25.08.2017
8412

Audi Osiyoga bir xildagi identifikatsiya raqamli minglab mashinalar jo‘natgani fosh bo‘ldi

Foto: Motor.ru

Audi kompaniyasi bir xildagi identifikatsiya raqamiga (VIN) ega bo‘lgan bir necha ming mashina ishlab chiqargani aniqlandi. Handelsblatt nashrining ma'lum qilishicha, bu mashinalar Osiyoga eksport qilingan. Nemis markasi nima uchun bunday qilgani hozircha noma'lum bo‘lib qolmoqda.

Mashinalarning bir xildagi VIN-kod bilan chiqarilganidan guvohlik beruvchi hujjatlar Germaniya prokuraturasi xodimlari tomondan tasodifan aniqlangan. Bu hujjatlar “dizelgeyt” mojarosi tergov qilinishi doirasida kompaniya hujjatlarini o‘rganish vaqtida topilgan.

Tergovchilar kompaniya nima uchun bunday qilganining sabablarini ayta olmayaptilar va buning isbotiga ega emaslar. Bir xildagi raqamlarga ega mashinalar taxmin qilinishicha, Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiyaga jo‘natilgan. Kompaniyaning o‘zida esa identifikatsiya raqamlari bilan qandaydir firibgarliklar sodir etilganidan bexabar ekanliklari aytilgan.

Har bir avtomobilga ishlab chiqarish bosqichida alohida 17 raqamli VIN-kod beriladi. Germaniya va Yevropa Ittifoqi qonunlariga ko‘ra, bu kodlarni kamida 30 yil ichida takroran qo‘llab bo‘lmaydi. Agar mashinalar bir xil raqamlar olgan bo‘lsa, bu ularni qayd qilish va turli tekshiruvlar vaqtida muammolarga olib kelishi mumkin.

Top