11:19 / 25.08.2017
6616

Xitoy harbiylari Makaodagi to‘fon oqibatlarini bartaraf etishga yordam bermoqda

Foto: scmp.com

Xitoy Xalq ozodlik armiyasining Makao maxsus ma'muriy tumanidagi harbiy xizmatchilari 18 yilda ilk marotaba tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga yordam bermoqda. Bu haqda The South China Morning Post nashri yozmoqda.

Xitoyning janubiy mintaqalarida hukmronlik qilgan “Xato”nomli to‘fonning dahshatli oqibatlarini bartaraf etish, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borish uchun XXOA harbiylarini jalb etishga to‘g‘ri keldi. Tabiiy ofat 17 kishining umriga zomin bo‘ldi. Ularning 9 nafari bevosita Makaoda qurbon bo‘ldi. "Xato" so‘nggi 53 yildagi eng kuchli to‘fon ekani aytilmoqda. 

Portugaliyaning sobiq mustamlakasini Xitoyga topshirish 1999 yilda amalga oshirilgan edi. Shundan beri XXOA tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlariga birinchi marta jalb qilinmoqda. Makao hokimiyati so‘roviga binoan XXR markaziy hukumati shunday qaror qabul qildi. 

Makao ma'muriyati rahbari Fernando Chuy 25 avgust kuni mahalliy aholidan tabiiy ofat zarbasiga yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagani uchun uzr so‘radi va qurbonlar oila a'zolariga hamdardlik bildirdi. Uning aytishicha, to‘fonning ayanchli oqibatlari sababli Makao meteorologiya byurosi rahbari lavozimidan olingan. 

Shahar asta-sekinlik bilan tiklanmoqda. Ammo, ko‘plab tumanlar suv ostida qolmoqda, 6 mingdan ortiq uyda elektr energiyasi yo‘q. Ichimlik suvi ta'minotida ham muammolar ko‘zga tashlanmoqda. 

Mavzuga oid
Top