19:14 / 25.08.2017
5073

«Mirzo Ulugbek Innovation Center» o‘z ishini boshlamoqda

Foto: Mitc.uz

Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiya markazi 2017 yilning 25 avgustidan boshlab buyurtmalar qabul qila boshladi hamda o‘zining – www.muic.uz rasmiy saytini ishga tushirdi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar bergan.

Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiya markazi to‘g‘risidagi Nizomga asosan buyurtmalar onlayn rejimida uning rasmiy sayti orqali qabul qilinadi. Shuningdek, buyurtmalar shaxsan yoki pochta aloqasi orqali ham qabul qilinadi.

O‘zbekistonning qaysi hududida ro‘yxatdan o‘tganligidan qat'i nazar, barcha yuridik shaxslar Innovatsiya markazining rezidenti maqomini olishga nomzod bo‘lishlari mumkin.

«Mirzo Ulugbek Innovation Center»ga qiziqish bildirgan yuridik shaxslar barcha talablarni, rezidentlarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi batafsil ma'lumotlarni markazning rasmiy saytidan olishlari mumkin.

«Mirzo Ulugbek Innovation Center» Direktsiyasi ro‘yxatdan o‘tgan rezidentlar hamda Innovatsiya markazining tadbirlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘z sayti orqali doimiy tarzda yoritib boradi.

Ma'lumot uchun, «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiya markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi «Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan tashkil etilgan.

Innovatsiya markazining asosiy maqsadi – AKT sohasida ishlab chiqarish, ta'lim va ilm-fan integratsiyasini chuqurlashtirish, shuningdek, iqtisodiyotning yuqori texnologik sohalari rivoji uchun qulay sharoitlarni yaratishdir.

Top