20:08 / 26.08.2017
15887

Oq uyni ta'mirlashda qanday ishlar bajarildi va bunga qancha mablag‘ sarflandi?

Foto: AP Photo/Carolyn Kaster

AQSh prezidenti Donald Tramp ta'tilda bo‘lganda Oq uyni ta'mirlash va ba'zi tizimlarini yangilash bo‘yicha katta ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ta'mirlash ishlaridan keyin Oq uy bo‘ylab turda qatnashgan amerikalik jurnalistlarning ma'lum qilishicha, prezident qarorgohida anchagina ishlar qilingan. 

Mutaxassislar 17 kun ichida amalga oshirishlari kerak bo‘lgan asosiy vazifa ancha eskirib qolgan, havoni shamollatish tizimini yangilashdan iborat bo‘lgan. Uning yangilanishi AQSh g‘aznasiga 1,9 mln dollarga aylangan. Bundan tashqari, markaziy isitish tizimi va ventilyatsiya kanallari tozalangan. Konditsionerlar almashtirilishi haqida Trampning ta'tilga ketishigacha ma'lum qilingan bo‘lsa, qolgan ishlar haqida 25 avgustdagina ma'lum qilingan.

Business Insider nashrining ta'kidlashicha, shuningdek kompyuter tizimlarining ba'zi elementlari takomillashtirilgan, ba'zi xonalarda kosmetik ta'mir amalga oshirilgan, matbuot anjumanlar o‘tkaziladigan zaldagi chakka o‘tishlar bartaraf etilgan.   

CNN telekanalining ma'lum qilishicha, Tramp ta'mirlash ishlari va mebellarni almashtirishda faqatgina AQShda ishlab chiqarilgan materiallardan va mebel jihozlaridan foydalanishni buyurgan.

Trampning bevosita ishchi xonasi hisoblangan Oval xonasida ham ba'zi o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, bu yerda gulqog‘oz almashtirildi. Gulqog‘ozni va doira shaklidagi yangi gilamni Trampning o‘zi tanlagan. Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Lindsi Uotersning aytishicha, gilamni almashtirish 1,17 mln dollarga aylangan.

Fox News telekanalining ma'lum qilishicha, Oq uyni yangilash avvalgi prezident Barak Obama vaqtida rejalashtirilgan, biroq endigina amalga oshirildi. Bu ishlar uchun hammasi bo‘lib 3,4 mln dollar sarflangan va ishlar 20 avgustda yakunlangan.   

Top