21:33 / 26.08.2017
21415

Rektor talaba bo‘lgan abituriyentning ota-onasiga tabrik xatini yubordi

O‘tib borayotgan kunlar Xamroyevlar oilasi uchun baxtli onlarning biri sifatida uzoq vaqtgacha esdan chiqmasa kerak. Boisi, oilaning o‘g‘loni Akmaljon TDIU talabalar safiga qabul qilindi. Mehnat va o‘qishlari ortidan mukofotlangan talabaning ota-onasini tabriklash uchun rektor Xodiyev tabrik xatini yuborishi ular uchun yanada kutilmagan hodisa edi.

Foto: msu.uz

O‘tgan davr mobaynida xursandchiligi ichiga sig‘dira olmagan ota-onaning xati tahririyatimizga kelib tushdi. Unda ijodiy jamoani yaqinlashib kelayotgan muqaddas Qurbon hayiti hamda Mustaqilligimizning 26 yilligi bilan tabriklab, quyidagi so‘zlar bitilgan:

“Bizning oilamiz, mana bir necha kundan beri quvonch ummonida suzib yuribmiz. Chunki, o‘g‘lim Xamroyev Akmaljon Jamshid o‘g‘li Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga, 1 avgust kuni oliy ta'lim muassasalariga kirish test imtihonlari natijalariga ko‘ra, 178,8 ball bilan talabalikka qabul qilindi! Xursandligidanmi, mas'uliyatni xis qilganidanmi, o‘g‘lim ham ulg‘ayib qolgandek.

Ayniqsa, bugun biz, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori B.Xodiyev nomidan tabriknoma olganimizdan keyin, juda ham ta'sirlanib ketdik, ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi! Tabriknomada, farzandimning talaba bo‘lganligini muborakbod etish bilan birga, universitetda yoshlar ta'lim olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani, xususan, biz, ota-onalar bilan doimiy hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha takliflar va o‘g‘lim tahsil oladigan guruh rahbari hamda fakulteti dekani haqida berilgan xabarlar e'tiborimizni tortdi va juda ham ma'qul bo‘ldi.

Ehtimol, bu narsa bir qarashda arzimasdek tuyulsada, biroq, talaba va uning ota-onalari uchun ham quvonch, ham mas'uliyat belgilar ekan!

Eshitishimcha, bu tajriba barcha oliy ta'lim tizimiga joriy etilgani juda yaxshi amaliyot bo‘libdi.

Shuning uchun, men o‘zim va oilam nomidan, barcha oliy ta'lim tizimi fidoyilariga, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga va albatta, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori va ustozlariga chuqur minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Vatanimiz ta'lim tizimida Prezident olib borayotgan islohotlarni amalga oshirishda barcha mutasaddilarga kuch-quvvat tilayman!

Bayramlar yana bir bora muborak bo‘lsin!

Xamroyev Jamshid va Xamroyeva Lobarxon”

Top