20:57 / 27.08.2017
6834

Gvatemala prezidenti unga qarshi tergov olib borgan sudyani mamlakatdan quvib yubordi

Foto: Reuters

Gvatemala prezidenti Jimmi Morales Gvatemalada jazosizlikka qarshi xalqaro komissiya rahbari Ivan Velaskesni persona non grata deb e'lon qildi. Bu haqda Infobae xabar bermoqda. 

Morales o‘z bayonotida kolumbiyalik sudya Velaskesga mamlakatni zudlik bilan tark etishni buyurgan. 

“Gvatemala xalqi manfaati yo‘lida harakat qiluvchi prezident sifatida va qonun ustuvorligini mustahkamlash maqsadida men janob Ivan Velaskes Gomesni persona non grata deb e'lon qilaman. Unga Gvatemalani zudlik bilan tark etishni buyuraman”, deb aytgan Morales.

Ta'kidlanishicha, Velaskes Morales partiyasining korrupsiya jinoyatlari ishi bo‘yicha Moralesga nisbatan tergov olib borgan. 25 avgustda Velaskes va Gvatemala bosh prokurori Telma Oldana Moralesni daxlsizlik immunitetidan mahrum qilish jarayonini boshlashgan.

Gvatemalada jazosizlikka qarshi xalqaro komissiya BMT va Gvatemala hukumati bilan birgalikda mamlakatda korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida 2006 yilda tashkil etilgan.

Top